Majburan turmushga uzatilish, ko`ngilsiz yashash, hammasiga ajrim bilan nuqta qo`yish... Muammo kimda? Nahot ko`ngilni ko`ndirib bo`lmasa ?Mavzuni ruhshunos Barno ILHOMOVA bilan atroflicha muhokama etishga harakat qilamiz.
«Oila qurganimga to`rt yildan oshdi. Turmushimiz sovchilik asosiga barpo bo`lgan. Erimni yaxshi ko`rmayman. Ota-onam o`shanda ko`nglimga qarashmadi, mana endi, azobini tortayapman... Men baribir bu inson bilan yasholmayman, bir kun ajrashaman...»
Munojat, Jizzax viloyati
Majburan turmushga uzatilish, ko`ngilsiz yashash, hammasiga ajrim bilan nuqta qo`yish... Muammo kimda? Nahot ko`ngilni ko`ndirib bo`lmasa?
Mavzuni ruhshunos Barno ILHOMOVA bilan atroflicha muhokama etishga harakat qilamiz.
«Qizimga nima yaxshi-yu nima yomon, o`zim bilaman! To`ydan keyin har qanday ayol erini yaxshi ko`rib ketadi!»
ADAShASIZ! Hurmatli ota-ona, bir paytlari qizlarga «Qorning to`q, usting but bo`ladi», deyishsa, ko`nib, o`zlari yaxshi tanimagan inson bilan oila qurishgandir. Bugunning yoshlarini esa fikrlashi, dunyoqarashi tamoman boshqacha. Chunki miyasining o`ng yarim shari ham, chap yarim shari ham faol. Ular faqat jismoniy ehtiyojlar (er-xotin bo`lib yashash, bola-chaqa qilish, uy-joyli bo`lish, ro`zg`or butligi) bilan qoniqishmaydi. Ruhan ham ozuqaga muhtoj. Katta to`ylar qilib, sarpolarning zo`ri, mebel, chinni bilan alday olmaysiz. Ular tushunishlarini, eshitishlarini, tuyg`ulari bilan hisoblashlarini istashadi. «Qo`shnim nima deydi, ota-onam siqiladi», degan fikrlar begonalashib borayapti. Buni tabiiy hol deb qabul qilib, bugunning yoshlari mas`uliyatsiz, bebosh, betgachopar deya, kaltaklamasdan, boshingizga yana bir muammoni sotib olmang. Qiz uzatayapsizmi, o`g`il uylantirayapsizmi, ko`ngli bilan hisoblashing. Shunda mas`uliyatning 90 foizini o`zlarining elkasiga yuklaysiz. “Siz pishirgan osh” deb, yutmasdan o`tirmaydi, turmushining taxirliklarini shirin qilishga urinadi.
«Menga shu qiz yoqdi, uylanaman!»
BILIB QO`YING! Olaxurjunni elkasiga olayotgan kuyovbola, birovning bolasi oldida mas`uliyatingiz ikki karra oshdi! Ya`ni yoqib qolgani uchun sizga moyilligi bo`lmagan qizga uylanish fikrida qat`iy turgan ekansiz, uning yuragini zabt etishingiz kerak. Uchrashuvga chiqqanda bilasiz-ku, bo`lajak kelin sizni o`zi tanladimi yoki ota-onasi? Orzu-niyatlari nima, qiziqing, fikrlarini hurmat bilan tinglang, ota-onasining bosimidan charchagan kelinning ko`ngliga qarang. Yangi kelin uyaladi, tortinadi, o`zini begonadek his qiladi. Uni o`zingizniki qilishda qo`rslik, zo`rlik ish bermaydi.
«Majburan turmushga chiqishni istamayman!»
QAT`IY TURING! Ota-onangiz sizni tushunmayotgan, tinglamayotgan ekan, o`zingiz o`zingizni tushunishga qodir bo`ling. Nima uchun qarshilik qilayapsiz, nega ko`nglingiz kuyovlikka nomzodga chopmayaptimi, yuragingizda muhabbat kurtak ochganmi, avvalo, o`zingiz uchun shularni aniqlashtirib oling-da, keyin uyingizdagilarga tish yoring. Janjal, tantiqlik, qo`rqitish bilan natijaga erishmaysiz. Aql va bosiqlik bilan ish tutsangiz, kattalar «Mushtdek boshi bilan sevgini tushunarmidi?» qabilida yo`l tutishmaydi. «Qizim ancha ulg`ayib qolibdi, qarashlari boshqacha, fikrlari qat`iy va asosli, demak, hayoti borasida birga qaror chiqarishimiz kerak», deb o`ylaydi.
«Dodimni tinglamay uzatishdi, men juda baxtsizman!»
ANGLANG! Siz asli ko`ngil neligini bilasizmi? Muhabbat siz uchun nima degani? To`g`ri, ko`nglingiz chopmagan inson bilan bir yostiqqa bosh qo`yish tugul uning ko`ylagi tugmasini qadash ham og`riqli. Lekin kimga qiyin? O`zingizga. G`isht qolipdan ko`chib bo`lgach, hali yo`q oilani (oila degani to`y-tomoshayu chimildiqqa kirishmas) barbod qilishga urinmang. Avval uni tiklashga harakat qiling. Endi bir ko`rishda muhabbat yuz bermaydi, huv bolalik yillaringizda qolib ketgan bu tuyg`u! Bundan buyog`iga muhabbat vaqt va mehnat talab qiladi. «Erim boshiga ko`tarib qo`ysa, sevib qolardim», «Idealimdagi insonmas», deb nolib, ich-etingizni eyishdan naf yo`q. Turmush o`rtog`ingizning yaxshi sifatlarini ko`rishga, ularni rag`batlantirib, o`zingiz uchun yuzaga chiqarishga urining. Axir qandaydir moyillik sezgansizki, shu insonga jufti halol bo`ldingiz. Ming majburlashgani bilan harholda oyoq-qo`lingizni bog`lab, shu xonadonga tashlab ketishmagandir?
«Ko`ngil qo`yganim bor edi, erim unga umuman o`xshamaydi...»
TAQQOSLAMANG! Jon ayollar, ko`zguga qarang, bir qoshingiz ikkinchisidan farq qiladi, to`g`rimi? Yaxshilab nazar solsangiz, tanangizning o`ng tomoni va chap tomoni o`rtasida tafovutlar bor. Demakki, juft a`zolaringiz bir-biriga o`xshamas ekan, bir insonni kimdandir izlashda ma`ni yo`q. Axir eringiz sobiq yigitingiz emas, u boshqacha, chunki umuman boshqa odam! Shu haqiqatni tan olib, sizga uylanmagan yoki uylana olmagan yigitni turmush o`rtog`ingiz bilan taqqoslamang!
«Sevganimni unuta olmayapman...»
UNUTING! Bilasizmi, inson yuragiga tuyg`ular mahkam o`rnashib, qo`nim toparkan. Sobiq yigitingiz bilan his qilgan tuyg`ularingizni eslab, shu bilan ovunib (aslida og`rinib), yoningizdagi insonning sizga tuhfa etayotgan hissiyotlarini sezmayotgandirsiz balki. Ular qalbingizga kirib kelishiga yo`l qo`ymayotgan bo`lishingiz ham mumkin. Yurakni bo`shating, o`tmishdagi tuyg`ulardan xalos eting. Ular bugunningizni suvga oqizadi, xolos. Mana, oddiy misol, turmush o`rtog`ingiz ko`ylagini dazmol qila turib sobiq sevgilingizga xayol ketsa, ko`ylakni kuydirib olasiz. Keyin uyda tushunmovchilik yuzaga keladi. Va yana sizning eski qo`shig`ingiz jarang sochadi: «Asli erimda ko`nglim yo`q-da...» hozir shu erda yashang! O`tmishdagi kunlar o`tib ketdi.
«Yaxshi ko`rganim bilan oila qurganimda, hammasi boshqacha bo`lardi».
BAShORAT QILMANG! Qaerdan bilasiz, turmush sevgini emirishi mumkin, shu o`rinda uni dunyoga keltirishi ham. Endi bu kabi afsuslanish bilan taqdir sizga ravo ko`rganini ham qo`ldan boy berishingiz hech gapmas. Turmush o`rtog`ingiz sovuq, mehrsiz munosabatingizga chidamaydi. Shuni unutmang! Ko`rpa-to`shak, bola-chaqa bilan umrni shamolga sovurish ham to`g`rimas. Bahonangizning tor iniga bekinib olmasdan, ko`ngilni keng qilib, mavjud hayotni yaxshilashga urining. Eringiz idealingizdagi insonmasmi? Bu masala ustida ishlang. Oddiy plastilindan nimadir yasamoqchi bo`lsak, obdon qo`limiz bilan unga ishlov beramiz. Qo`lning issiq taftidan u istagan shaklimizga kiradi. Mohir va mehrli usta bo`ling, shunda turmush o`rtog`ingiz idealingizga aylanadi. E`tibor bersangiz, ishda qo`pol, badjahl erkaklar uyda muloyimgina bo`lishadi. Demak, xotini uning tilini topgan.
«Hammasiga ota-onam aybdor! Ularning tanlovi sabab baxtsizman!»
IDDOA QILMANG! Ularning tanlovini xatoligini isbotlash uchun o`zingizni ko`ngilsiz turmush qurboni qilib, nimaga erishasiz? Bu hayot sizniki! Chiroyli va baxtli yashang! Iddaolaringiz, kimnidir ayblashingiz bilan hech narsa iziga qaytmaydi. Ota-onangizni umrining oxirigacha egovlab yashab, ularning ham xotirjamligiga soya solmang.
«Ajrashaman, qutulaman!»
ShOShMANG! Oilasi barbod bo`lgach, erining ikkinchi turmushi gullab-yashnaganini ko`rib, tirsagini tishlagan ayollar ham talaygina. «Baribir, ajrashaman», deb o`zingizni dasturlashtirib olmasdan, mavjud oilangizdan baxt topishga intiling! Agar haqiqatan ham hayotingiz do`zaxga aylansa, yaqinlaringiz bor, ular sizni bu chohga tashlab qo`ymaydi.
«Peshanam sho`r mening»
TAQDIR BILAN KELIShING! Bu degani boshni devorga urib yashashmas, «Peshanamga shu inson bitilgan ekan», deya olg`a ildam qadam tashlash. Taqdirga yozilganidan qochib qutila olmaymiz. Biroq umr yo`llarida qanday qadam tashlash, uni qanday yashab o`tish o`zimizga bog`liq. Hayotga bir marta kelasiz, uni chiroyli kechishini o`zingiz ta`minlang. Turmush o`rtog`ingizga ko`nglingiz ilishi uchun nimalar bo`lishi kerakligini aniqlab, bu ishlarni amalga oshirishga harakat qiling.
Xulosa o`rnida
Deylik, isitmangiz chiqayapti. Siz uchun eringiz, onangiz yoki biror mutaxassis dori ichmaydi. Faqat davo chorasini ko`rsatishlari, qo`llashingiz uchun yordam qo`lini cho`zishlari mumkin. Ammo baribir asosiy ish zimmangizda qoladi. Agar «hammasiga sizlar sababchi», deb o`tirsangiz, o`tiraversiz. Oxir-oqabat isitma ta`siridan hushdan ketishingiz, koma holatiga tushishingiz mumkin. Shuning uchun isitmaning sababini aniqlab, davosini ko`ring. Bir umr shu isitma bilan yashab, o`zingizni ham, yaqinlaringizni ham qiynamang!
men xuddi shunday voqealarni xayotda juda ko'p ko'rdim. Shu avgust oyining boshida ham xuddi shunday turmushga chiqayotgan ikki qizning hayotini kuzatdim. Ikkisida ham kuyovni ota-onasi topgan, ikkisining ham o'z sevgani bor. Qizlarning farqi shundaki biri institutda o'qiydi. Boshqasi esa chevar...institutda o'qiydigan qiz ota-onasi bilan yuzma yuz gaplashib, fotixasi bo'masligiga erishdi. Chevar qiz esa, ming yig'lab, dod-voy qilgan bo'lsa ham, turmushga berishdi...endi bir hafta yashab, ajrashaman deb yuribdi... Bunday vaziyatda har taraflama qiz bolaning o'zi fikr yuritishi kerak mani fikrimcha...o'ziga yoqmagan inson bilan oila qurgach, osonlikcha ajrasholmaydi. Ajrashgan taqdirida ham, uni endi er ko'rgan ayol deb, xatto sevgani ham uylanmiydiku...nima bo'lganda ham unashtiruvdan oldin o'z taqdirini masuliyatini xis etishi kerak...
Meni fikirimcha hammasiga turmushga chiqmay turub sevgan insoni bilan birga bo'lishi kerak, keyin kech bo'ldimi majburiy bo'lsada yashashi shart ota-onani bahona qilish noto'g'ri ularham odam bir kunda emas bir oyda bo'lsada tushunadi ahr farzatimiz hammamiz. yana bilmadim meni fikirim shu...