AQShda 8 yoshli qizni otib tashlagan 11 yoshli bola hibsga olindi
6 oktabr kuni AQShning Tennesi shtatida 11 yoshli bola 8 yoshli qo‘shnisini o‘ldirgani uchun hibs qilindi. Reyter xabariga ko‘ra, qotil bola o‘z qo‘shnisining qizini otasining miltig‘i orqali otib tashlagan.
Ushbu voqea shtatdagi 2200 kishi yashaydigan kichik shaharchalardan birida sodir bo‘lgan.
Jinoyatni amalga oshirgan bolaning tan olishicha, u avvaliga derazadan bosh chiqarib, hovlida o‘ynayotgan qizlardan o‘ziga bolalayotgan kuchukka qarashda yordam berishini so‘ragan. Rad javobini olgach esa, otasining ov miltig‘ini olgan va pastga tushib, qizlardan birini otib tashlagan. Shundan keyin u miltiqni qizning jasadi oldida qoldirib, ortiga qaytib ketgan.
Marhum qizchaning shaxsi aniqlashtirilgan, u mahalliy maktabning 3-sinf o‘quvchisi bo‘lgan.
Qotil bola ham shu maktabda 5-sinfda o‘qigan. U o‘z yashaydigan uyda hibs qilinib, olib ketilgan.
U birinchi darajali qotillikda ayblanadi, lekin u voyaga yetmagan jinoyatchi hisoblanadi.
28 oktabr kuni ushbu ish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi o‘tkaziladi. Majlisda sud hakami ushbu jinoyatchini katta yoshli jinoyatchilar kabi, yoki voyaga yetmagan jinoyatchilar qatorida sud qilishi aniqlanadi.