AQSH prezidenti Jo Bayden Pentagon rahbari Lloyd Ostinga Marokashda harbiy-texnik baza yaratishni nazarda tutuvchi favqulodda vaziyat rejasini tayyorlashni topshirdi. Bu haqda Middle East Monitor xabar berdi.
Mazkur tashabbus dekabr oxirida AQSH rahbari va mudofaa vaziri o‘rtasidagi uchrashuvda yuzaga kelgan. Shundan so‘ng Bayden Ostinga Pentagonni AQSHning Marokashdagi mudofaa sanoati sarmoyalarining logistika va huquqiy jihatlarini osonlashtirishga undashga chaqirgan. Bu sa’y-harakatlar Rabotning qit’ada terrorizmga qarshi kurashdagi yetakchi rolini ko‘rsatishi kutilmoqda.
Bazaning maqsadlaridan biri “Rabotning terrorizmga qarshi kurashdagi yetakchiligini kuchaytirish, shuningdek, harbiy salohiyatini rivojlantirish orqali xalqaro harbiy alyansga qo‘shilish” bo‘ladi.
AQSH ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Ostin bilan uchrashuvdan oldin bazani yaratish taklifi bilan chiqqan Bayden Markaziy razvedka boshqarmasidan Rossiyaning Zimbabve, Sudan, Markaziy Afrika Respublikasi, Jazoir kabi Afrika mamlakatlariga ekspansiyasi haqida hisobot olgan. Ko‘p marta tahlilchilar va jurnalistlar Kremlga aloqador Vagner guruhi orqali Rossiyaning qit’adagi harakatlari haqida ogohlantirgan.
AQSH razvedka agentligining hisobotida Rossiya Jazoir hukumatini kuchli harbiy va siyosiy qo‘llab-quvvatlayotgani va Moskvaning Saheldagi operatsiyalarini osonlashtirish uchun yirik logistika bazasini yaratish niyatida ekani ta’kidlangan. Markaziy razvedka boshqarmasi bu harakat “Vashington va uning mintaqaviy ittifoqchilari manfaatlariga tahdid soladi”, deya ogohlantirgan.
Marokash NATOning “asosiy strategik hamkori” va AQSHning Shimoliy Afrikadagi asosiy ittifoqchisi hisoblanadi.
Rabotdagi Siyosiy va strategik tadqiqotlar markazi direktori Xolid Sherkaui al-Samuniy The Arab Weekly gazetasiga aytishicha, Baydenning rejasi AQSHning yangi xalqaro harbiy strategiyasining bir qismidir va “Marokash harbiy sanoatining poydevorini qo‘yish uchun yo‘l ochadi”.
U bu reja “Marokash va AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga, mahalliy harbiy texnikani rivojlantirishga, sarmoyalarni rag‘batlantirishga va mudofaa sanoatini rivojlantirishga olib kelishiga” umid bildirgan. Vashington va Rabot allaqachon kuchli harbiy aloqalarga ega. Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish maqsadida qirollikda o‘tkazilgan “Afrika sherlari” harbiy mashg‘ulotlari buning isbotidir.
Xalqaro huquq va xalqaro munosabatlar professori Muhammad Lakrini qirollikdagi harbiy-sanoat bazasi “Marokashning harbiy va xavfsizlik salohiyatini” rivojlantirishga xizmat qilishini tasdiqlaydi, chunki Shimoliy Afrika mamlakati terrorizmga qarshi kurashda muhim rol o‘ynaydi. Lakrini Marokash hukumati tomonidan Ispaniya, Fransiya va Germaniya kabi boshqa davlatlar bilan birgalikda amalga oshirilgan aksilterror operatsiyalarini eslatib o‘tadi.
Professor AQSH bazasining Marokashda tashkil etilishi mintaqa va qit’ada “Rossiya va Xitoy ekspansiyasi” sharoitida Vashingtonning ta’sirini oshirishini ta’kidlaydi. U Jazoir o‘z hududida Rossiya bazalarini o‘rnatishga yordam berishini aytdi.