AQSh va Rossiya o‘rtasida vizasiz tartib kiritildi
17 iyuldan Rossiyaning Chukotka muxtor viloyati va AQShning Alyaska shtati tub aholisi uchun ikki tomonlama tartibda vizasiz tartib amal qila boshladi, deb ma’lum qilinmoqda Chukotka muxtor viloyati saytida.
Ushbu holat Bering bo‘g‘ozi mintaqaviy komissiyasi AQSh tomonidan Rossiya va AQSh o‘rtasidagi amaldagi “Bering bo‘g‘ozi hududi aholisi uchun o‘zaro tashriflar bo‘yicha kelishuv”ga ko‘ra vizasiz tartibda Chukotkaga tashrif buyurmoqchi bo‘lgan Alyaska tub aholisi vakilining pasportiga suqma varaq (vkladish)ni berishga tayyorligini e’lon qilgandan keyin yuzaga keldi.
“Pastportga suqma varaq – bu fuqaro Rossiya-AQSh o‘rtasidagi “Bering bo‘g‘ozi hududi aholisi uchun o‘zaro tashriflar bo‘yicha kelishuv”da ko‘rsatilgan hududning vakili ekanini tasdiqlaydi. AQSh uchun bu hudud Alyaska, Rossiya uchun Chukotka hisoblanadi. Belgilangan hududga safarga otlangan fuqaroning yonida pasport va bu varaq bo‘lishi kerak”, deb izoh bermoqda bu holatga Chukotka muxtor viloyati gubernatori ma’muriyati va hukumatining xalqaro aloqalar bo‘limi maslahatchisi Matvey Mixalenko.
Chukotka va Alyaska tub aholisi vizasiz safarga o‘rnatilgan hududdan qarindoshlarining taklifi bilan jo‘nashlari mumkin bo‘ladi. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, bu haqda qarama-qarshi tomonning vakolatli xodimi 10 kundan kam bo‘lmagan muddat ichida yozma ravishda ogohlantirilishi kerak.
Qayd etilishicha, Chukotka va Alyaska aholisi boshqa davlat hududida 90 kundan ko‘p bo‘lmagan vaqt davomida qolishlari mumkin bo‘ladi.
Rossiyaliklar uchun 2012 yildan beri AQShning Tinch okeanidagi Guam va Marianna orollariga vizasiz tashrif buyurish tartibi joriy qilingan.