AQSh O‘zbekistonga koronavirusni juda erta aniqlaydigan uskunalar hadya qildi
28 iyul kuni AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktikasi markazlari (CDC) O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qiymati 902 000 dollarga teng tibbiyot vositalari va laboratoriya jihozlarini hadya qildi. Taqdim etilgan vositalar zamonaviy polimeraz zanjir reaksiyasi uskunalaridan foydalangan holda 25 000 ta COVID-19 testlarini o‘tkazishga imkon beradi. Ushbu texnologiya odam organizmida virusli DNK mavjudligini kasallik belgilari paydo bo‘lishidan avval aniqlaydi, bu esa sog‘liqni saqlash muassasalariga bemorni juda erta izolyatsiya qilish hamda pandemiyani tugatish uchun muhim bo‘lgan yuqish zanjirini uzishga imkon beradi. «COVID-19 pandemiyasi biz uchun umumiy dushman va umumiy javobgarlikdir. Ushbu yordam uzoq vaqtdan buyon AQSh hukumatining O‘zbekistonning jamoatchilik sog‘lig‘ini saqlash yo‘lidagi tahdidlarga qarshi kurashida yordam berishga sodiqligiga asoslangan. Ushbu sheriklik epidemiya boshlanishidan ancha oldin boshlangan va u tugaganidan keyin ham davom etadi»,– dedi AQSh muvaqqat ishlar vakili Alan Melser. Mazkur yordam O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligini koronavirusga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlash uchun CDC e’lon qilgan 2,07 million dollarning bir qismi hisoblanadi. Kasallik avj olar ekan, CDC O‘zbekistonga shoshilinchi tibbiy yordam markazlari tashkil etish, chegaradan o‘tish joylarida tibbiy ko‘rikni yaxshilash, klinik va laboratoriya nazorati, ma’lumotlar ustida ishlash va kontaktlar kuzatuvi bo‘yicha onlayn maslahatlar ham berib bordi. AQSh hukumati Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali koronavirusga qarshi kurash uchun tibbiy, laboratoriya va texnik ko‘mak sifatida yana qo‘shimcha qariyb 4,2 million dollar taqdim etdi. Bugungi kungacha AQShning bu borada O‘zbekistonga ko‘rsatgan umumiy yordami 6 million dollardan oshdi.