Bugun AQShda koronavirusga qarshi vaksina klinik sinovdan o‘tkaziladi
Bugun, 16 mart kuni AQShda koronavirusdan himoya qiluvchi vaksina klinik sinovdan o‘tkaziladi. Unda ishtirokchilar eksperimental dozani oladi, deb xabar berdi AP agentligi hukumatdagi manbaga tayanib. Sinovlar 45 nafar yosh va sog‘lom ko‘ngillilarda Sietl tadqiqot instituti (Kaiser Permanente Washington Health Research Institute)da o‘tkaziladi. Unda AQSh milliy sog‘liqni saqlash instituti (NIH) va Moderna Inc kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan vaksinalar turli dozalarda ko‘ngillilarga yuboriladi. Ta’kidlashicha, vaksinani to‘liq joriy etish uchun 12 oydan 18 oygacha vaqt kerak bo‘ladi. «Sinovlarda qatnashuvchilarning kasallik yuqtirish ehtimoli yo‘q, chunki namunalarda virus mavjud emas. Sinovning vazifasi vaksinalarning jiddiy nojo‘ya ta’sirlari yo‘qligiga ishonch hosil qilishdir, shundan so‘ng kengroq sinovlarni o‘tkazish mumkin bo‘ladi», dedi manba.