Apple texnologiyalardan ruxsatsiz foydalangani uchun 625 mln dollar to‘laydi
VirnetX kompaniyasi Apple korporatsiyasini patent huquqlarini buzishda ayblab, sudga murojaat etdi. Texas shtati Sharqiy okrugi federal sudi ushbu da’voni qanoatlantirdi. Bu haqda “Hi-tech.mail.ru” xabar bermoqda.
Ilk bor VirnetX 2012-yilda sudga murojaat qilgan va Apple’ni FaceTime hamda iMessage kabi dasturlarda patentlangan xavfsiz kommunikatsiyalar texnologiyalaridan noqonuniy foydalanishda ayblagan edi. Sud da’voni qo‘llab-quvvatlagan va patent egasiga 368,2 million dollar to‘lash haqida hukm chiqargan.
Apple oradan ikki yil o‘tgach mazkur qaror ustidan shikoyat qildi va VirnetX’ni qaytadan da’vo arizasi kiritishga majbur etdi, biroq bu gal talab etilayotgan summa 532 million dollar edi. Apple o‘zi tomonidan patentlashtirilmagan texnologiyalardan foydalanishda davom etayotgani ma’lum bo‘lgach, ushbu raqam 625,56 million dollarga yetdi.
Korporatsiya bu gal ham to‘lash niyatida emas, sud qarori ustidan shikoyat tayyorlanmoqda.