Apple mobil qurilmalarni suvdan himoya qilish usulini o‘ylab topdi
Apple AQShning tegishli organlariga mobil qurilmalarni namlikdan himoya qilish usullarini patentlash uchun ariza berdi, deya xabar bermoqda “3dnews.ru”.
Boshqa ko‘plab ishlab chiqaruvchilardan farqli o‘laroq, Apple gadjetning butun korpusini suv o‘tkazmaydigan qilishni emas, balki bunga ehtiyoj sezuvchi elektron komponentlarni qisqa tutashuvdan himoyalashni taklif etadi.
Ularni yupqaligi 1 mikrometrgacha bo‘lgan gidrofob material bilan qoplash rejalashtirilmoqda, bu hozirda qo‘llaniladigan boshqa namlikdan himoya vositalariga ko‘ra, qurilma korpusidagi ichki joyni tejash imkonini beradi.
Nashrning taxmin etishicha, yangi texnologiyaning tijoratda qo‘llanila boshlashi uchun oldinda ko‘plab to‘siqlar mavjud bo‘lgani tufayli iPhone’ning kelgusi avlodi hali bunday namlikdan himoyalanuvchi xususiyatga ega bo‘lmasligi mumkin.