Anjelina Joli Qizil kxmerlar haqida film suratga oladi
Anjelina Joli Qizil kxmerlar davridagi Kambodja haqida to‘liq metrajli badiiy filmni suratga oladi. Bu haqda u Gollivudda tarqatilgan maxsus bayonotida ma’lum qilgan, deya xabar bermoqda “TASS”.
Joli nafaqat rejissor, balki prodyuser sifatida ham ishlayotgan film kambodjalik yozuvchi Lun Unning “Ular avval otamni qatl etishdi: Kambodja qizining xotiralari” kitobiga asoslangan. “Unning kitobi menda katta taassurot qoldirdi, — deydi Joli. — Bolalar urushni qanday qabul qilishi va bu ularning ruhiyatiga nechog‘li ta’sir ko‘rsatishini anglab yetgandek bo‘ldim. Men o‘zim uchun o‘ta ahamiyatli bo‘lgan kitob asosida film olayotganimdan mamnunman”.
Ssenariysi Joli va Un tomonidan birga yozilayotgan loyiha 2016-yilning ikkinchi yarmida dunyo yuzini ko‘rishi kutilmoqda.