2020 yilda O‘zbekistonda internet tezligi 100 mb/s ga yetadi
2020 yilga borib O‘zbekistonda ma’lumotlar uzatish tezligi 5 Mbit/s dan 100 Mbit/s ga yetkaziladi. Bu haqda 30 noyabr kuni O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarida keng polosali texnologiyalarning joriy qilinishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Telekommunikatsiya infrastrukturasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Zoxid Ziyaevning ma’lum qilishicha, 2015-2020 yillarda O‘zbekistonda keng polosali abonent tarmoqlarini kengaytirish loyihasi amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, 1 mln. port, 300 Wi-Fi nuqtalar ishga tushiriladi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati esa 104,54 million dollarni tashkil etadi.
Shuningdek, 2015-2020 yillarda qiymati 48,27 million dollarni tashkil etuvchi Optik aloqa liniyalarini qurish loyihasi amalga oshiriladi. Mazkur loyihaning quvvati 12,1 ming km optik liniyani tashkil etiladi.
Har ikki loyiha amalga tatbiq etilganidan so‘ng 2020 yilga borib O‘zbekistonda ma’lumotlar uzatish tezligi 5 Mbit/s dan 100 Mbit/s ga yetkaziladi, optik tolali aloqa liniyalari esa 174 foizga kengayib, 16,3 ming kmdan 28,4 ming kmga yetkazish rejalashtirilgan.