Yaponiya kompaniyasi sun’iy inson yuzini yaratish texnologiyasini yaratdi
Yaponiyaning Real-f Co kompaniyasi sun’iy inson yuzini yaratish texnologiyasini yaratdi. Bu sun’iy yuzdan kelajakada plastik jarrohlikda foydalanish mumkin bo‘ladi. Yapon OAVlarining xabar berishicha ayni paytda kompaniya mutaxassislari silikondan u yoki bu odam yuzining aniq nusxasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydilar.
Dastlab maxsus skaner yordamida yuzning uch fazoli maketi yaratiladi. Skaner hatto yuz terisidagi teshikchalar va qon tomirlarini ham uzatishga imkon beradi. So‘ngra 3D-printerda “yarim mahsulot” bosiladi va uning asosida silikondan “niqob” tayyorlanadi. Bunday niqobning yaratilishi uchun ikki haftadan ikki oygacha vaqt sarflanishi mumkin. Ushbu xizmat 2,4 ming dollar turadi.
“O‘ylashimcha, bu texnika tibbiyot sohasida katta istiqbolga ega. Men muhtoj odamlarga yordam bermoqchiman”, deb aytmoqda kompaniya prezidenti. Uning aytishicha, kompaniyaga ko‘plab mutaxassislar va plastik operatsiyaga muhtoj bo‘lgan odamlar murojaat qilmoqdalar.
Ushbu ishlanmaga yuzni aniqlash avtomatik tizimi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi dasturchilar ham qiziqish bildirishmoqda.
Hozircha asosan reklama agentliklari va ko‘ngilochar tadbirlar tashkilotchilari kompaniyaning ushbu mahsulotiga xaridor bo‘lmoqdalar. Kompaniya, shuningdek “shohona” buyurtmaga ham ega – o‘tgan yilning noyabrida Saudiya Arabistonidagi qurilish kompaniyalaridan biri qirollik oilasi a’zolarining yuzlari nusxalarini tayyorlab berishga buyurtma bergan.