Sun’iy shirin ta’m beruvchilar saraton keltirib chiqarishi rostmi?
Ko‘p mahsulotlarda saqlanuvchi, shakar o‘rnini bosuvchi sun’iy shirin ta’m beruvchilar saraton keltirib chiqarishi mumkin, degan tushuncha mavjud. Biroq bu fikr uncha ham to‘g‘ri emas, ya’ni ko‘pchilik mahsulotlar va ichimliklarda saqlanuvchi sun’iy shirin ta’m beruvchilar unchalik xafvli emas.
20-asrning ikkinchi yarmida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida o‘sha paytda keng tarqalgan shakar o‘rnini bosuvchi saxarin va aspartamga tamg‘a qo‘yildi. Gap faqatgina ularning shakar kabi semizlikka olib kelishidagina emas: go‘yoki ular saratonga ham olib kelishi ta’kidlangan. Saxarin bilan bog‘liq vaziyatida kalamushlarda tajribalar o‘tkazildi: sun’iy shirin ta’m beruvchi oqibatida ularda bosh miya o‘simtasi yuzaga keldi. Natijada bu tadqiqotlar tekshirilguniga qadar omma ongida saxarin xavfli narsaga aylanib bo‘ldi.
Keyinroq o‘tkazilgan sinovlarda kalamushlardan farqli o‘laroq, sun’iy shirin ta’m beruvchilar insonlarda saraton o‘smalari paydo bo‘lishi ehtimolini oshirmasligi ma’lum bo‘ldi. Ya’ni saxarin va aspartam inson fiziologiyasi va xatti-harakatiga ta’sir kilmasligi uch marta: 1994, 1998 va 2007 yillarda isbotlandi. Bundan faqatgina fenilketonuriya irsiy kasalligiga ega odamlar istisnodir, chunki ular aspartamda saqlanuvchi fenilalaninni kam miqdordagina ko‘tara oladilar.
Biroq rostini aytganda, sorbitol va mannitol kabi ba’zi sun’iy shirin ta’m beruvchilar agar ularning iste’moli cheklanmasa, shakar kabi zararli bo‘lishi mumkin. Shakardan tashqari qo‘shimcha sun’iy shirin ta’m beruvchilar qo‘shilgan mahsulot va ichimliklar yurak-qon tizimi, ikkinchi tur qand kasalligi va semirish kabi kasalliklarga olib kelish ehtimoli mavjud.
Shak-shubhasiz, bu dietik gazli ichimlikni cheklanmagan miqdorda iste’mol qilish uchun sabab bo‘la olmaydi, biroq bunday ichimlik va oddiy shakar qo‘shilgan ichimlik orasida tanlash kerak bo‘lsa, unda birinchisini iste’mol qilgan ma’qulroq, deb tavsiya qilishmoqda olimlar.