Yaponiya hukumati yolg‘izlikka qarshi kurashish dasturini tasdiqladi. Muammoni hal qilish uchun kecha-yu kunduz ishlaydigan konsultatsiya tizimi yaratiladi. Shuningdek, yolg‘iz odamlar muloqot qilishi va ish topishi mumkin bo‘lgan turli platformalarni shakllantirish rejalashtirilgan, deya xabar berdi “Kommersant”.
Yangi dasturga ko‘ra, Yaponiya hukumati yolg‘iz fuqarolarning aniq sonini bilish uchun aholini umummilliy ro‘yxatga olish ishlarini tashkillashtirmoqda. Mamlakat bosh vaziri devonida bu masala bilan shug‘ullanadigan alohida kotibiyat tuzilgan.
Fevral oyida Yaponiyada yolg‘iz aholi masalalari bilan shug‘ullanuvchi vazir lavozimi ham ta’sis etilgandi. Hozir bu lavozimni past ko‘rsatkichdagi tug‘ilish muammolari bo‘yicha vazir bo‘lib ishlagan Seiko Noda egallab turibdi.
Yaponiya hukumati mamlakatda pandemiya va o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payishi fonida yolg‘izlik muammosini hal qilishga qaror qilgandi. 2020-yilda 21 ming kishi o‘z joniga qasd qilgan, bu avvalgi yilga nisbatan 912 kishiga ko‘pdir. Rasmiylarning ta’kidlashicha, muammo, asosan, ayollar orasida kuzatiladi. Yaponiyada o‘z joniga qasd qilish darajasi koronavirus pandemiyasidan oldin ketma-ket o‘n yil davomida kamaygan edi.
Yolg‘izlikka qarshi kurashish vaziri lavozimi Buyuk Britaniyada avvalroq mavjud edi, u 2017-yilda Britaniya hukumatining sobiq rahbari Tereza Mey tomonidan ta’sis etilgan.