Yaponiyalik olimlar dunyoda birinchi havo displeyini yaratishdi. Unda qo‘llangan texnologiya insonni sensor qurilmalar zaruratidan ozod etadi, deya xabar beradi Reuters.
Tokio universiteti professori Masatosi Isikava bu haqda shunday deydi: "Biz yaratgan displeyning avvalgi texnologiyalardan asosiy farqi – ko‘rish burchagining ancha kattaligidir. Bundan tashqari, biz interfeysning imo-ishoralarni anglab olish tizimini sezilarli darajada yaxshiladik”.
Havo ekrani – shundoqqina havoning o‘zida tasvir namoyon bo‘lishidir. Bunga svetodiodli maxsus ko‘zgudan qaytadigan yorug‘lik yordamida erishildi. Havo displeyida hosil bo‘ladigan tasvir har qanday burchakdan ham yaxshi ko‘rinadi. Soniyasiga yuzlab kadrlarni suratga oluvchi stereokameralar yordamida bu interfeys imo-ishoralarni tez ilg‘ab oladi.
"Uni boshqarish uchun qo‘lingizda biron nima bo‘lishi shart emas, – deydi professor Isikava. – Shunchaki xonaga kirasiz va muayyan imo-ishora bilan ko‘z oldingizda havoda paydo bo‘ladigan, masalan, kompyuter o‘yinini ishga tushirasiz”.
Olimlarning fikricha, bunday texnologiyaga jamiyat hayotining ko‘plab sohalarida talab bo‘ladi – jarrohlikdan tortib o‘yin industriyasigacha undan foydalanish mumkin. Ixtirochilar havo displeyini joriy yilning oxirida keng ommaga namoyish etishmoqchi, 2015-yili esa ularni seriyali tarzda ishlab chiqarish boshlanadi.