Yangi yilga 5 kun qoldi: sovg‘a xarid qilishga ulgurdingizmi?
Yangi 2017 yil kirib kelishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Vaqt oz qolgan sayin barchaning qalbi hayajonga to‘lishi tabiiy. Ayniqsa, bolalar bu bayramni intiqlik bilan kutishadi. Mo‘jizalarga boy kechaga tayyorgarlik jarayoni esa yanada zavqli.
Yangi yilni sovg‘alarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu kunda hamma yaqinlariga original sovg‘a hadya etishni istaydi. Ko‘p hollarda yangi g‘oyalar tug‘ilishi qiyin kechadi. Bugun biz sizga bu borada ko‘makchi bo‘lish istagidamiz.
Avvalo, eslatib o‘tish lozimki, yaqinlashib kelayotgan 2017 yil tovuq muchali. Yaxshi ma’lum, tovuq tabiatan rang-barang jonivor hamda mehnatkash. Bashoratlarda keltirilishicha, tovuq yilida bekorchilik va yalqov bo‘lish yaramaydi. Doimo harakatda bo‘lish esa o‘z natijasini beradi. Shu tariqa, Yangi yil uchun ramziy sovg‘a hadya etish eng maqbul qaror bo‘lishi tayin. Istalgan sovg‘ani ranggiga ham e’tibor qaratish lozim, ya’ni olovrang, qizil, sariq, tillarangdagi buyumlar bayram kayfiyatini ulasha oladi.
Shu kunlarda O‘zbekistonning istalgan burchagidagi do‘kon va Yangi yil yarmarkalarida tovuq shaklidagi sham, kichik haykalchalarni, suvenirlarni ko‘rish mumkin. Ularning bahosi ham hajmiga yarasha turlicha. Masalan, eng kichik tovuq shaklidagi shamni 3.000 so‘mga xarid qilish mumkin. Shu tariqa, narx ham oshib boradi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, sovg‘a tanlashda uning bo‘lajak egasi ham inobatga olinishi kerak. Agar sovg‘a ota-onaga bo‘lsa, albatta, hadya mehrni ifoda etishi maqsadga muvofiq. Do‘stlar uchun ularning qiziqishlariga mos sovg‘a tanlash zarur. Yaqin inson uchun sovg‘a, albatta, muhabbat belgisi sifatida taqdim etilishi lozim. Ishxona va jamoaga olinadigan sovg‘a ramziy ma’nodagi tuhfa bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Nima bo‘lganda ham, eng asosiysi, sovg‘a insonga xush kayfiyat va yoqimli onlarni baxsh etishi kerak.
Ramziy sovg‘alar ro‘yxatini davom ettirar ekanmiz, “olovli” tovuq surati aks etgan yostiqchalar, statuetkalar, archa o‘yinchoqlari yoki mobil telefon uchun g‘iloflarni ham keltirishimiz mumkin. Ayni vaqtda bunday turdagi sovg‘alar uchun taxminan 20 ming so‘mdan 50 ming so‘mgacha xarajat qilinadi.
Ota-onalar uchun farzandlari o‘z qo‘llari bilan tayyorlagan sovg‘adan-da qimmatli hadya bo‘lmasa kerak. Yoshi katta ota-onalar yoki buvi-buvalarga ularning yoshlikdagi suratlarini qayta ishlab, fotoramkaga joylab taqdim etish ham bir olam zavq bag‘ishlashi aniq. Bu orqali ular yorqin xotiralarni ham yodga olishadi.
Qizlar va ayollar uchun Yangi yilda tilla rangdagi zargarlik buyumlari yoki taqinchoqlar, shuningdek, uy jihozlariga oid buyumlar ham hadya qilish mumkin. Taqinchoqlar ko‘rinishi va sifatiga qarab turlicha narxlanadi. Shu sabab bu buyumlar bahosi bo‘yicha aniq xulosa qilish mushkul. Bu har kimning himmatiga bog‘liq, desak adashmagan bo‘lamiz.
Do‘kondan xarid qilinadigan sovg‘alar ro‘yxatidan talaygina buyumlar joy olgan. Masalan, fotoalbom, sochiq, kosmetik vositalar, chinni idishlar, biror ustki kiyim va hokazo. Bunday sovg‘alar odatda talabga mos ravishda yaqinlar uchun xarid qilinishi mumkin.
Erkak kishi uchun sport anjomlari, xususan, gantellar sovg‘a qilish mumkin. Shuningdek, erkak kishining ish faoliyatini inobatga olgan holda sovg‘alar qatorini yanada kengaytirsa bo‘ladi. Agar erkak kishi ko‘p xizmat safarida bo‘lsa, unga yo‘lda zarur bo‘ladigan buyumlar to‘plamini, jiddiy kasb egasi bo‘lsa, yon daftari, qimmatbaho ruchka taqdim etish maqsadga muvofiq. Agar sovg‘a uchun ajratiladigan budjet yetarli bo‘lsa, qimmatbaho qo‘l soati yoki atir haqiqiy bayram kayfiyatini ulasha oladi.
Istalgan bayramda ayollar uchun sovg‘a tanlash bir tarafdan juda oddiy, shu bilan birga mushkul jarayondir. Sovg‘alar ro‘yxati ko‘p, ammo ayollarning tabiatiga mosini tanlash juda qiyin masala. Bunda sabr-toqat ham talab etiladi. Ba’zi ayollar bayram oldi qanday sovg‘a olishni istashlari haqida yashirin ishora ham bildirib qo‘yishlari mumkin. Bunday holatda ularni xursand qilish yanada osonlashadi.
Ayollar go‘zallik timsoli bo‘lib, ana shunday go‘zal hadyalar qabul qilishni istashlari, tabiiy. O‘rtacha narxdagi sovg‘alar qatoriga ayollar sumkasi, soyabon, soch quritish vositasi, pasport uchun antiqa g‘ilof, go‘zal va bejirim ko‘rinishdagi flesh-xotira kartasi, kosmetik vositalar sovg‘a qilish mumkin.
Ayollar uchun go‘zallik saloniga borish uchun sertifikat yoki fitnes zaliga abonement hadya etish esa kutilmagan sovg‘a bo‘lishi aniq.
Yangi yilda bolalarni sovg‘asiz qoldirishning imkoni yo‘q. Chunki bu ajoyib bayramni kattalardan ko‘ra, jajji bolakaylar intiqlik bilan kutishadi. Ularning mo‘jizaga ishongan qalbini quvonchga to‘ldirish atrofdagilarga ham unutilmas onlarni bag‘ishlaydi.
Bolalar uchun sovg‘alar ro‘yxatini, albatta, shirinliklar boshqaradi. Shuni ham yoddan chiqarmaslik kerakki, aslida shirinliklarni boshqa kunlari ham hadya qilish mumkin. Shunday ekan, bayram uchun unutilmas sovg‘a berish to‘g‘ri qaror bo‘ladi. Kichik yoshdagi jajji bolakaylar uchun antiqa o‘yinchoqlar munosib tuhfa bo‘ladi. O‘rta yoshdagi bolalar uchun esa ularning aqliy qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi kitoblar sovg‘a qilish mumkin.
Yangi yilga hadya qilish mumkin bo‘lgan sovg‘alar ro‘yxati bilan tanishdik. Buni qarangki, bu kun uchun tortiq etish mumkin bo‘lmagan sovg‘alar ham bor ekan. Ular bilan ham tanishtirishni lozim topdik.
Demak, devorga osiladigan soatlar ayriliq va yolg‘izlik ramzi bo‘lib, bunday sovg‘ani g‘oyalar ro‘yxatidan chiqarib tashlash mumkin. Shuningdek, chemodan, bo‘sh hamyon yoki pichoq ham sovg‘a qilish mumkin emas. Yoshi katta insonlarga cho‘millish sochig‘i, uy shippagi yoki sham sovg‘a qilish ham yaramaydi. Ular bunday sovg‘alar maqsadini noto‘g‘ri tushunishlari mumkin.
Erkaklar o‘z ayollariga oshxona buyumlari hadya qilmaganlari ma’qul. Bu orqali ayollarning “joyi” faqat oshxonada degan fikr yuzaga kelishi, turgan gap.
Yuqorida sizga bir qator sovg‘alar ro‘yxatini taqdim etdik. Eng asosiysi bayram tuhfasi nima bo‘lishidan qat’iy nazar, chin yurakdan hadya etilishi lozim. Kirib kelayotgan Yangi yilingiz muborak bo‘lsin!