Samarqand shahridagi 6 ta maydonda Yangi yil archalari o`rnatildi
Samarqand viloyati shahar va qishloqlarida Yangi yil bayramini ko`tarinki ruhda nishonlashga qizg`in hozirlik ko`rilmoqda, deb yozadi O`zA.
Bayram tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish va tinch-osoyishta o`tkazish maqsadida viloyat, tuman va shahar hokimliklari hamda mas`ul idoralar tomonidan maxsus ishchi guruhlar faoliyati yo`lga qo`yildi. Mazkur guruhlar bayram tomoshalari, savdo yarmarkalari o`tkaziladigan maskanlarda jamoat tartibi, yong`in va yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash, pirotexnika vositalari sotilishining oldini olish yuzasidan zarur choralar ko`rmoqda. Bu ishga huquq-tartibot idoralari bilan birga jamoatchilik vakillari ham jalb qilingan.
Viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi markaziy xiyobonlar, maydonlarda bayram archalari o`rnatilib, sovg`alar, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari ish boshladi. Teatrlashtirilgan madaniy dasturlar namoyish etilmoqda.
Samarqand shahridagi markaziy ko`chalar, korxona va tashkilotlar binolari bayramga mos bezatildi. Tungi illyuminasiyalar, turli chiroqlar o`rnatildi. An`anaga ko`ra, bu yil ham “Eng chiroyli bezatilgan archa”, “Eng chiroyli bino” va “Eng namunali ko`cha” nominasiyalari bo`yicha tanlov e`lon qilindi. Bayram kunlari esa Sharq shirinliklari va milliy taomlar festivali o`tkazish ko`zda tutilgan.
Har yili an`anaviy o`tkaziladigan “Prezident archasi” tadbirlarini ham viloyatning barcha tuman va shaharlarida yuksak saviyada tashkil etish, bayramning unutilmas taassurotlarga boy bo`lishi uchun qiziqarli, rang-barang madaniy dasturlar tayyorlanmoqda.
Dehqon bozorlarida bayram oldidan arzonlashtirilgan qishloq xo`jalik mahsulotlari savdo yarmarkalari tashkil etilgan. Mazkur savdo yarmarkalari orqali fermer xo`jaliklari, agrofirmalar va parrandachilik korxonalari tomonidan meva-sabzavot, go`sht, baliq, tuxum va boshqa mahsulotlar bozordagidan arzon narxlarda aholiga etkazib berilmoqda.
Siyob dehqon bozorida tashkil etilgan shunday yarmarkada Pastdarg`om, Kattaqo`rg`on va Tayloq tumanlari fermer xo`jaliklari o`zlarining sara qishloq xo`jalik mahsulotlarini savdoga chiqarmoqda.