Xitoydagi avtobuslardan birida kuzatuv kamerasi ayol kishining qo‘lida telefon portlab ketgan lahzani tasmaga muhrladi, deya xabar bermoqda Mail.ru.
Hodisa ayol telefon akkumulyatorini almashtirayotgan paytda sodir bo‘ldi. Qurilma yo‘lovchining qo‘lida birdan yonib ketdi, ayol uni avtobusdan tashqariga chiqarib ketishga shoshildi. Boshqa yo‘lovchilar ham avtobusdan tushishga oshiqdi.
Ma’lum bo‘lishicha, hech kim jabr ko‘rmagan. Voqea ro‘y bergan Sichuan provinsiyasi hukumati esa aholini arzon qurilma va batareyalar sotib olmaslikka chaqirdi.
Telefonlar yonib ketishi bilan bog‘liq hodisalar Xitoyda avval ham sodir bo‘lgan. Chunonchi, 2007-yilda ko‘krak cho‘ntagida telefon portlab ketib, uning parchalari yurakka borib tegishi natijasida yosh yigit halok bo‘lgan. 2009-yilda esa xitoylik erkak telefonda suhbatlashayotgan paytda u portlab ketgan. Erkak bo‘yin arteriyasidan jarohat olib vafot etgan.