Toshkentlik talaba shaffof telefon ixtiro qildi (foto)
Shaffof ekran hamda quyosh energiyasi bilan quvvatlanadigan
yangi telefon MX-1 deb nomlanadi. Uning ixtirochisi Sirojiddin Nasriddinov
Toshkent davlat texnika universitetining ikkinchi bosqichida tahsil oladi.
Ixtiro Toshkentda o‘tkazilayotgan VII Innovatsion g‘oyalar,
texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida namoyish etildi, deb
yozadi ICTNEWS ma’lumotiga tayanib Gazeta.uz.
Qurilmaning pastki qismida uchta sensorli tugmalar mavjud,
shuningdek vspishkaga ega kamera hamda antenna ham shu yerda joylashtirilgan.
Telefonda o‘rnatilgan nanoplyonka evaziga uning batareyasi
quyosh energiyasidan quvvat olishi mumkin.
Ixtiro muallifi ko‘rgazma davomida o‘z loyihasiga patent
oldi va endilikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun investorlar
izlamoqda. Sirojiddinning so‘zlariga ko‘ra, telefon ishlab chiqarish boshlansa,
uning narxi 600 AQSh dollari atrofida bo‘ladi.