Telefondagi 3G, 3,5G 3G+, H va H+ belgilari nimani anglatadi?
Mobil aloqa vositasi orqali internetdan foydalanuvchilar telefon yoki smartfon ekranining tepasida turadigan 3G, 3,5G 3G+, H i H+ belgilariga ko‘p marta e’tibor bergan bo‘lsa kerak. Ular ko‘pdan buyon ma’lum bo‘lsa ham, hanuzgacha ko‘pchilik foydalanuvchilar uchun tushunarsizligicha qolmoqda. Quyida ushbu belgilarga ta’rif berib, ularning nima ma’no anglatishini tushuntirib o‘tamiz.
G belgisi sizning telefoningiz GPRS texnologiyasi bo‘yicha tarmoqqa ulanganini anglatadi. Internetga chiqishning bu usuli eng birinchi texnologiyalardan biri bo‘lib, bugungi kunda ancha sekin va eskirgan hisoblanadi.
Ye belgisi EDGE texnologiyasi yordamida tarmoqqa ulanganingizni anglatadi. U G’ga nisbatan 3 barobar tezroqdir.
3G belgisini ko‘rdingizmi, demak telefoningiz 3G tarmog‘iga kirgan. Telefon modeliga qarab belgi doimiy ravishda ko‘rinib turishi yoki faqat tarmoqqa ulangan chog‘da chiqishi mumkin. Agar suhbatdoshlarning telefonlari sifatli bo‘lsa va har ikkalasida ushbu texnologiya yoqilgan bo‘lsa, unda aloqa sifati ham yaxshilanadi, ovozlar aniq va tabiiy eshitiladi. Ushbu rejimda ma’lumot uzatish tezligi 384 Kbit/sekundni tashkil etishi mumkin; bunday tezlik bilan og‘irroq saytlarni ko‘rish va onlayn radio eshitish mumkin. Odatda telefon siz 3G texnologiyasining qaysi rejimida ishlayotganingizni ko‘rsatib beradi.
3.5G, 3G+, H belgilari HSDPA texnologiyasi bo‘yicha ulanishni aks ettiradi. Ayrim telefonlar aloqa chog‘ida 3.5G belgisini ko‘rsatib, tarmoq orqali bevosita ma’lumot olish paytida H belgisini ekranga chiqaradi. Ushbu texnologiya yordamida 5,7 Mbit/sekund tezlikka erishish mumkin; bunday tezlik sizga onlayn rejimda video ko‘rish yoki ko‘chirish imkoniyatini beradi. Lekin aslida YouTube servisida sifatli video ko‘rish uchun 1 Mbit/sekund tezlikning o‘zi kifoya.
H+ - yuqoridagi standartning kengaytmasi. Nazariy jihatdan foydalanuvchini 21.2 Mbit/sekundgacha bo‘lgan tezlik bilan ta’minlay oladi.
LTE, L, 4G belgilari moslama to‘rtinchi avlod tarmoqlarida ishlayotganini ko‘rsatadi. Bu tarmoqlar axborot olishda 173 Mbit/sekund va axborot yuklashda 58 Mbit/sekund tezlik bera oladi.