Xerson aholisi zudlik bilan evakuatsiya qilinishi kerak – Surovikin
Xerson shahrida vaziyat “og‘ir” va aholini zudlik bilan evakuatsiya qilish kerak. Bu haqda BBC Ukrainadagi Rossiya kuchlari qo‘mondoni Sergey Surovikinga tayanib xabar berdi.
Generalning aytishicha, Ukraina qo‘shinlari Himars raketalaridan foydalangan holda shahar infratuzilmasi va turar-joy ob’ektlariga zarba bermoqda.
“Rossiya armiyasi birinchi navbatda Xerson aholisini xavfsiz evakuatsiya qilishni ta’minlaydi”, deydi Surovikin.
Ukraina qo‘shinlari “yaqin kunlarda” shaharga hujum boshlashi mumkinligi haqida Xerson aholisi Rossiya rasmiysi Kirill Stremousov tomonidan ogohlantirilgan.
“Iltimos, so‘zlarimni jiddiy qabul qiling: men imkon qadar tezroq evakuatsiya qilish haqida gapiryapman”, degan u Telegram ijtimoiy tarmog‘ida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Dnepr daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ida odamlar xavf ostida qolmoqda. Buni Rossiya tomonidan tayinlangan viloyat gubernatori Vladimir Saldo ham videomurojaatida tasdiqladi.
Xabaringiz bor, Xerson fevral oyida ruslar qo‘liga o‘tgan birinchi yirik shahar edi. Ukraina qo‘shinlari so‘nggi bir necha haftadan beri yaqin atrofdagi hududlarni muntazam ravishda qaytarib olmoqda. Ular Dnepr bo‘ylab janubga 30 km (19 milya) masofani bosib, rus qo‘shinlarini tuzoqqa tushirish bilan tahdid qildi.
“Umuman olganda, “maxsus harbiy operatsiya” zonasidagi vaziyatni “og‘ir” deb ta’riflash mumkin", deydi general Surovikin.
Xerson – ruslar tomonidan bosib olingan Ukrainaning yagona mintaqaviy poytaxti. Endi Kreml Xerson va Ukrainaning yana uchta viloyatini Rossiyaning bir qismi, deb da’vo qilmoqda. Bu esa xalqaro miqyosda rad etilmoqda.
O‘zining shafqatsizligi bilan tanilgan general Surovikinning aytishicha, Ukraina raketalari Xersondagi Antonivskiy ko‘prigi va Kaxovka gidroelektr to‘g‘oniga zarar yetkazgan va bu asosiy arteriyalar bo‘lgani uchun harakat to‘xtab qolgan.
“Bu muhim xizmatlar, ya’ni oziq-ovqat yetkazib berish, suv va elektr ta’minoti muammolarini keltirib chiqardi”, deydi Surovikin.
Xersonda rejalashtirilgan “evakuatsiya” jarayonlari hali aniq emas. Agar Rossiya odamlarni o‘z uylarini tark etishga majbur qilsa, bu BMT ta’rifiga ko‘ra, “urush jinoyati” bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Sergey Surovikin “Rossiya 24” telekanaliga bergan intervyusida “maxsus operatsiya” zonasidagi vaziyat tarangligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari guruhi o‘z tarkibini oshirmoqda, zaxiralar yaratmoqda va butun aloqa chizig‘i bo‘ylab mudofaa pozitsiyalarini qurmoqda. Surovikin, shuningdek, Kiyevni Xerson viloyatidagi Kaxovskaya GESi to‘g‘oniga “raketa hujumini tayyorlashda” aybladi.