Pokiston aholisi zilziladan qo‘rqib, uylariga qaytishni istashmayapti
Pokistondagilar bugungi zilzilaning qaytalanish xavfi tufayli o‘z uylariga qaytib kirmaslikni ma’qul ko‘rishmoqda.
Geo TV telekanalida pokistonliklar ko‘chalarda to‘planib turishgani lavhalari ko‘rsatilgan. Avtomobil yo‘llarida qatnovlar to‘xtagan.
Ma’lum qilinishicha, zilzila tufayli Xayber-Paxtunxva viloyati aholisi jabrlangan. Bu hududda ko‘plab yo‘llar buzilgan va binolar jiddiy shikastlangan.
Jarohatlanganlarni shifoxonalarga olib borish ishlariga yer ko‘chkilari tufayli yo‘llar qatnov uchun yaroqsiz holga kelgani xalaqit qilmoqda.
Ilgariroq xabar qilinganidek, bugun, 26 oktabr kuni, Toshkent vaqti bilan 14:09da sodir bo‘lgan zilzila episentri Afg‘onistonning Hindukush mintaqasida kuzatilib, 7.4 ballni tashkil qildi. U Pokistonda, Tojikistonda, shuningdek, O‘zbekistonning, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Andijon va boshqa viloyatlarida kuzatildi. Yer silkinishlari Qozog‘istonning Olma-Ota, Taroz, Chimkent, Qirg‘izistonning O‘sh shaharlarida ham sezildi.
Dastlabki xabarlarga ko‘ra, Pokistonda zilzila qurbonlari soni 42 kishi bo‘lgan.