Pokistonda terrorchilarga qarshi kurash kuchaymoqda
Pokiston rasmiylarining ta’kidlashicha, harbiy sohaning takomillashib borishi natijasida terrorchilikka qarshi kurash samaradorligi oshib bormoqda.
2015 yilda mamlakat hududida harakat qilayotgan terrorchi guruhlarga og‘ir zarbalar berilgan. Bunga birinchi navbatda “Zarbi azb” harbiy amaliyotining o‘tkazilishi hamda terrorchilarning qarorgohlariga uyushtirilgan hujumlar sabab bo‘lgan. Janubiy Osiyo terrorchilik portali (SATP) ma’lumotlariga qaraganda, hisobot davrida Pokiston harbiylari va maxsus qismlari tomonidan 720 nafar terrorchi o‘ldirilgan; 2014 yilning yanvar-mart oylarida 358 nafar terrorchi yo‘q qilingan edi. Mart oyining o‘zida 304 nafar (2014 yil martida – 47 nafar) jangari yo‘q qilingan.
Ayni paytda, terrorchilarning tinch aholiga va harbiy xizmatchilarga hujumlari bir qadar susaygan. 2014 yilning birinchi choragida jangarilar qo‘lida 555 kishi halok bo‘lgan bo‘lsa, 2015 yilning shu davri mobaynida qurbonlar soni 303 kishini tashkil qilgan.
Brigada generali, federal boshqaruvdagi Qabilalar hududining sobiq xavfsizlik kotibi Mahmud Shohning ma’lumot berishicha, Shimoliy Vaziristonda, Tirax vodiysi va Haybar okrugida o‘tkazilgan harbiy amaliyotlar natijasida terrorchilar og‘ir talafot ko‘rgan. Harbiy amaliyotlar chog‘ida 93 harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. 2014 yilning dastlabki uch oyida esa Pokiston mudofaa kuchlarining yo‘qotishlari soni 180 kishidan iborat bo‘lgan edi. Shtab boshlig‘i, general Rohil Sharif vatan uchun jonini qurbon qilgan jangchilarning oilalariga hamdardlik bildirib, Pokiston hududi terrorchilardan butunlay tozalanmagunga qadar kurash davom etishini e’tirof etgan.