Pokistonda bomba portlashi oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi
Pokiston parlamenti deputatining qarorgohida yuz bergan portlash oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi, 13 kishi tan jarohati oldi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Mahalliy Express Tribune nashri ma’lumotlariga ko‘ra, portlash oqibatida Pokiston musulmonlar ligasi partiyasidan saylangan deputat — Sardor Faruk Xonning Panjob viloyati Dera G‘ozi Xon shahridagi qarorgohida yong‘in kelib chiqqan, bu vaqtda siyosiy arbobning o‘zi boshqa joyda bo‘lgan.
Hodisa yuz bergan joyda o‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar ish olib bormoqda, politsiya xodimlari portlash yuzasidan tergov harakatlarini boshlagan. Mazkur qo‘poruvchilik harakati uchun javobgarlikni radikal kayfiyatdagi “Tolibon” harakatining Pokistondagi bo‘linmasi o‘z bo‘yniga olgan.
Agentlikning qayd etishicha, avgust oyida ikki terrorchi-kamikadze tomonidan uyushtirilgan portlashlar oqibatida Panjob viloyati ichki ishlar vaziri Shuja Xonzoda va yana 18 kishi halok bo‘lgandi.