Joriy yilning 20-fevral kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘i
ommabop WhatsApp messenjerini 16 milliard dollarga sotib olganligini, yana
uch milliard dollar xodimlarga Facebook aksiyalari shaklida berishini ma’lum
qilgan edik. Shuningdek, TJournal sayti masalaga o‘zqacha yondashib, WhatsApp
narxini boshqa yirik xaridlar qiymati bilan solishtirib chiqqanligi haqida ham yozgan
edik.
Endi esa
iLike.uz sayti mazkur narxda O‘zbekistonda nimalar olish mumkinligini hisoblab
chiqdi. O‘z navbatida, biz ham mazkur qiziq ma’lumotlarni o‘z
muxlislarimizga ilindik. Xo‘sh, 16 milliard dollarga nimalarni olish mumkin?
1940 nafar Odil Ahmedov
Futbol
bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinchisi Odil Ahmedovning transfer narxini
olti million yevro, deb belgilashgan, bu esa 8 246 400 dollarga teng. Demak,
bitta WhatsApp puliga 1 940 nafar Odil Ahmedov to‘g‘ri kelar ekan! Darvoqe, bu narxga Lionel Messidan
85 nafarini olish mumkinligini ham esga olish o‘rinli.
356 411 ta Malibu
Chevrolet
Malibu avtomobilining narxi 99 750 000 so‘mni tashkil etadi, bu esa
taxminan 44 892 dollarga tengdir (maqola yozilishi paytidagi Markaziy Bank
kursiga ko‘ra). Bundan chiqdi, bitta WhatsApp narxiga 356 411 dona
yap-yangi Malibu avtomobili olish mumkin!
"Bilayn”ning 2013-yildagi 9 oylik daromadidan 32 tasi
O‘zbekiston
mobil aloqalar bozorida yetakchi hisoblangan "Bilayn-O‘zbekiston” o‘tgan
yilning uch kvartali mobaynida 500 million dollar miqdorida daromad ko‘rganligi xabar
qilingan. Agar shu holat yana 32 marta qaytarilsa, bitta WhatsApp
narxiga yetib qolar ekan.
23 million dona iPhone 5S
Toshkentdagi "Fleshka” texnomarkazida (sobiq "Malika”
fabrikasi) yap-yangi iPhone 5S narxi o‘rtacha 700 dollarni tashkil etadi. WhatsApp
sotilgan pulga esa bunaqa smartfondan naq 23 milliontasini sotib olsa bo‘lar
edi.
1 millionta "Daryo” nashri
Mysitecost.ru ma’lumotlariga binoan, "Daryo” nashri taxminan
15 520 dollar turadi. Demak, bitta WhatsApp narxiga bunday saytlardan
taxminan bir milliontasini sotib olish mumkin.
Endi tasavvur qiling: sizning qo‘lingizga tasodifan
(masalan, lotereyadan) 16 milliard dollar pul tushib qolsa, nima qilgan
bo‘lardingiz?