WhatsApp xabar almashish dasturi faoliyatida 8-dekabrga
o‘tar kechasi butun dunyo bo‘ylab nosozliklar kuzatildi. Nosozliklar ro‘y
berayotanini kompaniya vakillari ham tasdiqladi. Bu haqda "Kun” nashri xabar
berdi.
Twitter’da ushbu dastur faoliyati to‘g‘risida ma’lumot
beruvchi @wa_status profilida Toshkent vaqti bilan 8 dekabr tunida quyidagi
mazmunda xabar paydo bo‘lgan: "Ayni paytda tizimimiz vaqtinchalik
ishlamayapti. Biz buning ustida ish olib boryapmiz va yaqin vaqt ichida uni
tuzatishga umid qilamiz”.
Nashr
xabarida ta’kidlanishicha, Is It Down Right Now saytida dunyoning
turli qismlarida istiqomat qiluvchi internet-foydalanuvchilar WhatsApp
ishlamayotgani haqida izohlar qoldirgan. Ular orasida Argentina, Germaniya,
Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Belgiya, Isroil, Vengriya, Gana
va boshqa mamlakatlarda yashaydigan odamlar bor.
WhatsApp’ning
nosozliklar haqidagi rasmiy postidan 5 soat o‘tar-o‘tmas, xizmatning to‘liq
tuzatilgani haqida xabar paydo bo‘ldi. Hali ham dastur bilan bog‘liq
muammolarga duch kelayotganlarga WhatsApp haqida ko‘p so‘raladigan savollar
saytiga kirish tavsiya etildi.
Eslatib
o‘tamiz, WhatsApp so‘nggi kunlarda texnik muammolarga duch
kelgani sababli o‘zbekistonlik WhatsApp foydalanuvchilari ommaviy tarzda
Telegram dasturiga o‘tishni boshlagan, texnik nosozliklar haqida WhatsApp
rasmiy tvitteri ham xabar bergan edi. Telegram rasmiy tvitteri ham
juda ko‘p o‘zbekistonliklar Telegram’ga a’zo bo‘layotganini tasdiqlagan
edi.
Oktabrda
o‘tgan ikki oy ichida WhatsApp messenjerining oylik auditoriyasi 50
millionga ko‘payib, endi 350 millionni tashkil etayotgani haqida xabar
berilgan edi.
Manba:darakchi.uz