WhatsApp’da ovozli qo‘ng‘iroq xizmati paydo bo‘ladi
Barselonada ochilgan Mobile World Congress ko‘rgazmasida
mobil qurilmalar dasturlari borasida yirik xushxabarlardan biri e’lon qilindi –
WhatsApp messenjerida ovozli qo‘ng‘iroqlar paydo bo‘ladi. Mazkur xizmat joriy
yilning ikkinchi choragidan yo‘lga qo‘yiladi.
Buni ushbu dastur asoschilaridan biri – Yan Kumning shaxsan
o‘zi e’lon qildi. WhatsApp’ning qaysi mobil operatsion tizimga mo‘ljallangan
varianti dastlab yangilanishi haqida Kum hech narsa demadi. Ammo u dastur
foydalanuvchilari soni allaqachon 465 milliondan oshganini ta’kidladi.
Eslatib
o‘tamiz, o‘tgan haftada Facebook kompaniyasi WhatsApp’ni sotib olishi haqida xabar
berilganida, undan foydalanuvchilar 450 million nafar, deyilgan edi. Umuman
olganda, Sukerberg va Kum endilikda bir milliardlik marrani ko‘zlashmoqda.
Qizig‘i, ovozli qo‘ng‘iroq joriy etilishi – WhatsApp’ning
oxirgi to‘rt yil ichidagi (fotosurat yuborish imkoniyatidan keyingi) ilk jiddiy
yangilanishidir. Tabiiyki,
mazkur mobil messenjerda ovozli qo‘ng‘iroq xizmati yetishmayotgan edi. Boshqa
shu kabi dasturlar – Mail.ru Agent, LINE, Viber va Skype’da bu xizmat
allaqachon yo‘lga qo‘yilgan. Shu bois WhatsApp funksiyalari kengayishi va
boshqa qiziqarli yangiliklar ham bo‘lishi kutilmoqda. Yan Kum o‘z so‘zida
WhatsApp avvalgidek reklamalardan xoli bo‘lishini ham ta’kidlab o‘tdi.