Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev kecha, 13 avgust kuni tarixiy qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Davlat rahbarining “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘qituvchilarning oylik maoshlari oshiriladi.
Qaror bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari 2018 yil 1 sentyabrdan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun 1,1 baravarga, yuqori sinf o‘quvchilariga uchun o‘rtacha 1,24 baravargacha, direktor, uning o‘rinbosarlari va axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 barvarga oshirildi.
2019 yil 1 yanvardan oliy toifali o‘qituvchilar uchun 1,25 baravarga, birinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,2 baravarga, ikkinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,15 baravarga, mutaxassis o‘qituvchilar uchun 1,1 baravarga, direktor, uning o‘rinbosarlari, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshirildi.
Natijada, ustamalar, sinf rahbarligi va daftar tekshirganlik uchun to‘lanadigan to‘lovlarni hisobga olgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari toifalar bo‘yicha o‘rtacha hisobda 24 foizdan 39 foizgacha, yuqori sinf fan o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkasi 37 foizdan 49 foizgacha, maktab direktori va ularning o‘rinbosarlariniki o‘rtacha 27 foizga, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilariki o‘rtacha 26 foizga oshirildi.
Davlat rahbari tomonidan o‘quvchilarning aqlan va ruhan sog‘lom qilib tarbiyalashga yana bir marotaba alohida e’tibor qaratildi.
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘quvchilar sonidan kelib chiqib, 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab psixolog shtat birliklari maktabdagi o‘quvchilar soni 250 nafargacha bo‘lganda 1 shtat birligi, 250 nafardan 800 nafargacha 1,5 shtat birligi, 800 nafardan 1600 nafargacha 2 shtat birligi, 1600 nafardan 3000 nafargacha 2,5 shtat birligi, 3000 nafardan ortiq bo‘lsa 3 shtat birligi etib belgilandi.
Shuningdek, maktab psixologlarining bazaviy tarif stavkalari 2018 yil 1 sentyabrdan mutaxassis o‘qituvchilar bazaviy tarif stavkalarining 90 foiziga tenglashtirildi hamda 2019 yil 1 yanvardan 1,1 baravarga oshirildi. Natijada maktab psixologlarining bazaviy tarif stavkalari 96 foizga oshdi.