O‘qituvchilar malaka oshirishdan maoshlari pasaymagan holda o‘tishadi
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 10 avgustidagi qarori bilan tasdiqlangan O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda norma.uz xabar bermoqda.
Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasining 2015 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarori bilan yo‘riqnomaga yangi me’yor kiritildi.
Unga ko‘ra, malaka oshirish hamda qayta tayyorlash kurslariga yo‘llangan tinglovchilar ishdan ajralgan holda o‘qish muddati davomida asosiy ish joyidan o‘rtacha oylik ish haqini olishda davom etadi.
Boshqa shaharlardan tashrif buyurgan tinglovchilarning o‘qish joyiga borish va qaytish uchun yo‘lkira xarajatlarini yo‘llayotgan tomon qoplashi ko‘zda tutilgan.