O‘qituvchilarning faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” Qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi. Qonun bilan qator qonunlar va kodekslarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, “Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeks 197⁵ – modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, taʼlim muassasalari pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki taʼlim muassasasi pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qilish javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilandi. Bunday huquqbuzarlik uchun: -fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHMning) 5 baravaridan 7 baravarigacha (1 mln 115 ming so‘mdan 1 mln 561 ming so‘mgacha); -mansabdor shaxslarga esa BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorida (1 mln 561 ming so‘mdan 2 mln 230 ming so‘mgacha) jarima qo‘llaniladi. Shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa: -fuqarolarga BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 561 ming so‘mdan 2 mln 230 ming so‘mgacha); -mansabdor shaxslarga esa BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorida (2 mln 230 ming so‘mdan 3 mln 345 ming so‘mgacha) jarima qo‘llanishi mumkin. Ushbu huquqbuzarlik sodir etilganda taʼlim muassasasining pedagog xodimi maʼmuriy bayonnoma tuzmasdan o‘z arizasida huquqbuzarning shaxsi, huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqt va uning mohiyati to‘g‘risidagi maʼlumotlarni hamda boshqa zarur bo‘lgan maʼlumotlarni ko‘rsatgan holda sudga murojaat qilish huquqiga ega.