Surxondaryoda o‘qituvchilar ayovsiz kaltaklanishiga nima sabab bo‘lgan? Yangi tafsilotlar ochiqlandi
Joriy yilning 14 aprel kuni Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida joylashgan 31-sonli maktabdagi direktor xonasida 34 yoshli erkak (o‘qituvchi) ikki nafar ayol o‘qituvchilarni ayovsiz kaltaklaganiga oid yangi tafsilotlar ma’lum bo‘ldi.
Keltirilishicha, voqeadan bir kun oldin maktabda ota-onalar yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda ota-onalardan biri o‘qituvchilarning ma’naviyatsizligi haqida gapirib, isbot tariqasida bunga oid video borligini aytgan.
“Hamkasb o‘qituvchilar bilan buni direktorga aytish kerakligini maslahat qildik. Rahbar o‘sha ota-ona bilan gaplashsinda, o‘qituvchiga tuhmat qilyaptimi yoki isboti bor-yo‘qligini so‘rashini agar rost bo‘lsa, o‘qituvchi bilan alohida gaplashib ko‘rishini aytmoqchi edik”, deydi kaltaklangan o‘qituvchilardan biri.
Yuqorida aytib o‘tilgan video kimga tegishli ekanligini bilish maqsadida ayol o‘qituvchilar tomonidan maktab deriktorining xonasida yig‘ilish o‘tkazilgan. Aytilayotgan videoni o‘ziga tegishli deb tushungan maktabning zo‘ravon o‘qituvchisi kelib, voqeaga aralashadi va hamkasblari tomon o‘qtalib, ularni do‘pposlaydi.
“Menga sensirab, men o‘zim nima qilishimni yaxshi bilaman deb men tomon shahd bilan keldi. Oldimga yaqinlashgunicha, meni uradi deb xayolimga ham keltirmagandim. Tizzasi bilan biqinimga tepdi. Yonimdagi sherigim, iltimos opa, bir og‘iz ham gapirmang deb meni ushlab turdi. Qo‘lini pahsa qilib, tinmay so‘kindi. Bunga chidamay men, yana unga gapirdim”, deydi ayni paytda shifoxonada bo‘lgan, kaltaklangan ayol.
Aniqlanishicha, zo‘ravon o‘qituvchi maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lgan.
“Bir chiqib ketgandan keyin, yana urmoqchi bo‘lganda, men sizga hech kim yomon gapirgani yo‘q dedim. Shundan keyin meni urdi va men boshim bilan yiqildim. U meni ketma-ket urdi va hamkasbimni tinmay so‘kdi", deydi jabrdiyda ayol.
Tuman tibbiyot birlashmasi mutaxassisiga ko‘ra, hozirgi kunda kaltaklangan o‘qituvchining holati yaxshilangan.