Hokim o‘rinbosarining vafoti bo‘yicha tafsilotlar ochiqlandi
Avvalroq, Xorazm viloyati Gurlan tumani hokimi o‘rinbosari Umidjon Jumagaldiyevning baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgani haqida xabar bergan edik. Xorazm viloyati prokuraturasi hokim o‘rinbosarining vafoti bo‘yicha ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, kecha, 17 mart kuni soat 01:30 larda Gurlan tumani hokimining o‘rinbosari Umidjon Jumagaldiyev Nexia 3 rusumli xizmat avtomashinasida Urganch tumani tomon harakatlanayotgan paytida bir yo‘nalishda kelayotgan yuk mashinasining orqa o‘ng g‘ildiragiga urilib, boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l chetidagi daraxtga borib urilgan.
Umidjon Jumagaldiyev olgan tan jarohatlari oqibatida hodisa joyida vafot etgan.
Yo‘l–transport hodisasi yuzasidan sud-tibbiy, sud-avtotexnika va sud-trasologik ekspertizalari tayinlangan.
Mazkur holat yuzasidan Urganch tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Tekshiruv viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Ma’lumot o‘rnida, Umidjon Jumagaldiyev 1990 yilda Gurlan tumani Xazorasp qishlog‘ida tug‘ilgan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2021 yilda tuman hokimi o‘rinbosari etib tayinlangan.