Koronavirusga chalingan 36 yoshli hokim vafot etdi
Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani hokimi Daulet Ayapbergenovich Tolibaev vafot etdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda. O‘zA muxbirining aniqlik kiritishicha, D.Tolibaev bir necha kun oldin koronavirusga chalinib, kasalxonaga yotqizilgan edi. Biroq, ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan bemor vafot etdi. D.Tolibaev 1983 yil 18 oktyabrda Nukus shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olgan. Mehnat faoliyatini 2004 yilida boshlab, uzoq yillar irrigatsiya sohasida turli tashkilotlarda, jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan. D.Tolibaev 2019 yildan buyon Qonliko‘l tumani hokimi edi. Marhumning oila a’zolariga chuqur hamdardlik izhor qilamiz.