69-o‘lim! Toshkentda 37 yoshli erkak koronavirusdan vafot etdi
Pskent tumanida yashovchi, 37 yoshli M.M.da (erkak) joriy yil 3 iyulda hansirash, yo‘tal paydo bo‘lgan va uy sharoitida davolanishni boshlagan. Ammo ahvoli og‘irlashavergach, shu yilning 9 iyulda tez tibbiy yordam mashinasida Zangiota ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. 12 iyul kuni esa bemorda o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi belgilari boshlangan va sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. Unga “COVID-19” infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi bilan kechgan. Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimasion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir nafas va o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi