Toshkent shahar hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
Toshkent shahar hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — shahar Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i etib Faxriddin Davrukov tayinlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tayinlovga qadar u 2018-yilning may oyidan buyon Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan. Faxriddin Davrukov Prezidentning 9-apreldagi qarori asosida ushbu lavozimidan ozod etilgandi. Vazirlikning o‘zi esa 2021-yilning aprelida Turizm va sport vazirligiga aylantirilgan edi.
Faxriddin Davrukov Toshkent moliya instituti (1997) va Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat boshqaruvi akademiyasini (2003) bitirgan.
1995-yildan 12 yil davomida Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasida, 2008-yildan Vazirlar Mahkamasida faoliyat ko‘rsatgan. 2015-yildan “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasida boshqarma boshlig‘i bo‘lib ishlagan.