O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yangi masjid qurilishi bilan bog‘liq sa’y-harakatlar boshlandi. Ushbu masjid binosi tayyorlangan loyihaga ko‘ra, hashamatli, kishilar uchun juda qulay va shinam bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilgan.
Allohga shukrki, yurtimizdagi ikki mingdan ziyod masjidlarimiz kundan-kunga obod bo‘lmoqda. Yangidan-yangi masjidlar qurilmoqda, ko‘plari ta’mirlanib, chiroyli holatga keltirilmoqda. Namozxonlar bunday jome masjidlarda ibodatlarini xotirjam ado etmoqdalar.
Bu kabi xayrli ishlar diniy qadriyatlarga bo‘lgan ulkan e’tiborning natijasidir. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan, namozni barkamol o‘qigan, zakot bergan va faqat Allohdangina qo‘rqqan kishilar obod qilurlar. Aynan o‘shalar hidoyat topuvchilardan bo‘lishlari mumkin” (Tavba, 18). Demak, masjidlarni obod qilish, ularni ta’mirlash yuksak imon va mustahkam e’tiqodning ko‘rinishidir.
Darhaqiqat, o‘tgan yili Toshkent shahrida qad rostlagan mahobatli “Minor” jome masjidining bunyod etilishi bu kabi savobli ishlarning yaqqol namunasidir. Mana shunday bunyodkorlik ishlarining uzviy davomi sifatida,bu yil hamToshkent shahriMirzo Ulug‘bek tumani hududida yangi masjid qurish ishlariga harakat boshlandi. Mazkur masjidni barpo etish uchun tuman hokimligi tomonidan shaharsozlik me’yorlari va qoidalariga muvofiq ravishda yer maydoni ajratishga kirishildi.
Ta’kidlash joizki, qurilish ishlariga eng mohir usta va quruvchilar jalb etilishi rejalashtirilgan. Bunday ezgu ishga hissa qo‘shish istagida, bunyodkorlar o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, bor kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilishadi. Zero, masjid qurish, uni obod qilishning savobi ulug‘ ekani Islom manbalarida bayon qilingan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar: “Kim Allohning roziligini istab masjid qursa, Alloh unga jannatda qasr barpo qiladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Haqiqatan, masjidlarni ko‘rkam qilish, qulay sharoitlarni tashkil etish katta ajr beriladigan amallardandir. Bu haqda Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan banday rivoyat qilingan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o‘sha chiroqning nuri o‘chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig‘for aytib turadilar”.
Darhaqiqat,masjidlar obodligiyurtobodligidir. Zero, masjidga ibodat qilish uchun kelgan kishilar ona-Vatan tinchligi, xalq osoyishtaligini so‘rab, duo qilishadi. Bu mustajob duolarning sharofati ila Yaratgan yurtimizni yanada farovon qiladi.
Azim poytaxtimizda qad rostlaydigan ushbu jome masjid, xalqimiz uchun juda katta tuhfa bo‘ladi, inshoalloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi axborot xizmati