Italiyaning “Napoli” klubi yangi bosh murabbiy nomini e’lon qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, endilikda mavsumning qolgan qismida Neapol klubiga Jennaro Gattuzo murabbiylik qiladi. 41 yoshli mutaxassis bugun ishdan olingan Karlo Anchelotti o‘rnini egalladi.
Avvalroq Gattuzoning “Napoli” bilan yarim yillik shartnoma tuzishi, natijalar yaxshi bo‘lsa, uni bir yilga uzaytirishi haqida xabar qilingandi. Jennaro klubdagi yarim mavsumlik ishi uchun 1,5 million yevro ishlab topadi. Agar bitim uzaytirilsa, u kelasi mavsum uchun 3 million yevro ishlab topishi mumkin.
“Napoli” ayni damda A Seriyaning 15-turidan so‘ng 21 ochko to‘plagan holda 7-o‘rinni band etib turibdi.
Ma’lumot uchun, Gattuzo “Napoli”ga qadar “Milan”, “Palermo”, “Pizu”, OFI va “Syon” klublarini boshqargan.