Bugungi kunda o‘zbek kartinalari soni ortib borayotgani sabab tomoshabin ham sifatli mahsulotga intiq. Yaqinda tasvirga olingan ishchi nomi "Farhod va Shirin" bo‘lgan kartina ayni vaqtda ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgani sir emas.
Ko‘pchilik bu filmning qachon taqdim etilishi borasida ko‘plab savollar berildi. Va nihoyat... muxlislar kutgan kunga yaqin qoldi. 20-fevral kuni poytaxtimiz kinoteatrlarida bu kartinaning uzoq kutilgan premerasi o‘tkaziladi.
Bosh rollarni mahoratli va latofatli xonanda hamda aktrisa Lola Yo‘ldosheva va professional aktyor Umid Iskandarov talqin qilgan "Bu telba muhabbat yoxud Farhod va Shirin" nomli kartina ayol va erkak o‘rtasidagi murakkab munosabatlar haqida hikoya qiladi. Muhabbatning yangicha talqini aks etgan film kutilmagan burilish va keskin voqealarga boyligi tomoshabinni o‘ziga tortishi kutilmoqda.
Aytish kerak, kartinaning syujeti boshqa filmlarni takrorlamaydi. Film nafaqat Toshkent shahri va viloyati, balki Samarqand shahrida ham tasvirga olingan. Kartina uchun yaratilgan saundtrek esa shu vaqtgacha xit darajasigacha ko‘tarila oldi. Lola ijrosidagi "Farhod va Shirin" nomli qo‘shiq va unga yaratilgan klip turli xit-paradlarda yetakchi o‘rinlarni egallashga muvaffaq bo‘lgan.
Kartina ijodkorlari 20-fevral kuni barcha kino shinavandalarini premeraga chorlab qolishadi!