Aktrisa haqida qisqacha
Tuba
hozir 29 yoshda. Onasi bankda ishlardi, yaqinda nafaqaga chiqdi. Otasi muhandis.
Oilada yolg‘iz farzand bo‘lgan Tuba "Ko‘ngil o‘g‘risi” serialidan keyin kinoda ham
o‘zini sinab ko‘rdi. Avvaliga "Otam va o‘g‘lim” filmida, keyin esa "Sinov” da ishtirok
etdi. O‘tgan yili "Qalbingdan so‘ra” badiiy filmida bosh rolni ijro etdi. Aktrisa
bugungi kunda Turkiyaning eng go‘zal ayollaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Muxlislari unga bag‘ishlab o‘nlab saytlar ochishgan. Turmush o‘rtog‘i O‘nur Saylaq
bilan 4 yil avval "Osiyo” seriali suratga olish maydonchasida tanishdi. Keyin ikkalasi
"Ko‘ngil o‘g‘risi” serialida birga ishtirok etishdi.
— "Ko‘ngil o‘g‘risi” seriali ham nihoyasiga yetdi, yangi seriallarda ishtirok
etasizmi?
— Yo‘q, chunki 2004 yildan buyon tanaffussiz ishladim. Shu bois biroz dam
olish fursati keldi, deb o‘ylayman. Hayot nimani ro‘baro‘ qilishini bilmayman, lekin
bu yil seriallarda suratga tushishni rejalashtirmaganman.
— Asosan, muhabbat mavzusidagi seriallarda ishtirok etdingiz. Endilikda
farqli rollarni ham ijro etishni istarmidingiz?
— Muhabbat hayotning har burchagiga yoyilgan. Qanday rol bo‘lmasin baribir
bir hikoyaning ichida ishq mavjud. Qo‘limdan kelgancha bir-biriga o‘xshamaydigan
rollar tanlashga harakat qilib kelganman, bundan keyin ham shunday qilaman.
— Mana, turmushga ham chiqdingiz. Umringizning qanday davridasiz?
— 7 yil tinimsiz ishlab, nihoyat hordiq chiqarishga fursat yetganidan g‘oyatda
shodman. Ayni shu pallada oila qurishim ham xuddi ramziy ma’noga egadek.
— Juda bosiq ko‘rinasiz. Sizning jahlingizni nima chiqarishi mumkin?
— Insonlarning mening olamimga ruxsatsiz kirishi, shaxsiy hayotimga aralashishi
qattiq ranjitadi, bundan juda jahlim chiqadi.