Xitoyning koronavirus tarqalgan Uxan shahridagi shifoxonalarda 30 ta dezinfeksiyalovchi robot ishga tushdi. Ular infeksiyalarga qarshi kurashishda shifokorlarga yordam ko‘rsatmoqda, deya xabar berdi «Sinxua» agentligi.
Ta’kidanishicha, robotlarni Shanxayning «TMiRob» kompaniyasi ishlab chiqargan. Tashkilot bosh direktorining xabar berishicha, robotlar oq rangda bo‘lib, «bosh»lariga vodorod peroksidi purkagich o‘rnatilgan, «qorni» esa to‘qqizta ultrabinafsha chiroq bilan jihozlangan. Aqlli robotlar turli zararsizlantiruvchi ishlarni bajaradi. Shuningdek, ular joy va makonda mo‘ljal olish uchun maxsus texnologiya bilan jihozlangan bo‘lib, ularni to‘siqlarga urilib ketishdan asraydi.
Robotlar Uxandagi koronavirusga qarshi kurashayotgan katta-katta shifoxonalardagi izolyatsiyalangan palatalarda, intensiv terapiya bo‘limlari, operatsiya va ambulatoriya bo‘limlarida kunu tun zararsizlantirish ishlarini olib bormoqda. Ular kasallikning odamdan odamga yuqish xavfini kamaytirib, mutaxassislar ishini yanada samarali bo‘lishga yordam beradi.
Bugungi kunga kelib Xitoyda koronavirus tufayli 31 mingdan ziyod kishi kasallangan bo‘lsa, ulardan 636 nafari hayot bilan vidolashdi.