Xitoy hukumati saksondan ziyod kishining hayotiga zomin bo'lgan xavfli virus tarqalishining oldini olishga harakat qilmoqda. So'nggi ma'lumotlarga qaraganda, xastalikki chalinganlar soni 2700 dan oshadi. Yangi virusning markaziga aylangan Xubey provinsiyasida ikkita shahar kirish va chiqish uchun yopilgan bo'lsa, bir qancha shaharlarda jamoat transporti cheklangan.
Nafas olish tizimiga ta'sir qiluvchi va odamdan odamga tez yuqadigan virus AQSh, Tailand, Janubiy Koreya, Vyetnam va Saudiya Arabistoni, Avstraliya, Nepal, Malayziya, Yaponiya, Kanada va Fransiyaga ham kirib borgani aytilmoqda.
22 yanvar kuni Xitoy hukumati 11 million aholiga ega bo'lgan Xubey provinsiyasining Uxan shahrini karantinga olish to'g'risida qaror qabul qildi. Shaharga olib boradigan barcha yo'llar yopildi va boshqa transport turlari to'sib qo'yildi. 23 yanvar kuni esa Xubeydagi yana bir shahar — 7 million aholisi bo'lgan Xuangan haqida ham shunday qaror qabul qilindi. Shaharga boradigan barcha poezdlar va samolyotlar, shuningdek, shaharlararo transport bekor qilindi. Echjou shahrida temir yo'l stansiyalari yopildi, Syantao i Chibida jamoat transporti cheklandi.
Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti vakili Gauden Galea esa “11 million aholisi bo'lgan shaharni karantin qilish oson emas“, deya ta'kidladi. JSST hozirda yangi virus tarqalishi munosabati bilan xalqaro favqulodda vaziyatni e'lon qilish kerakmi yoki yo'qligini muhokama qilmoqda.
Karantin yordam beradimi?
Mutaxassislar bunday chora-tadbirlar samaradorligiga shubha qilishmoqda. Vaholanki, dunyodagi 42-yirik shahar bo'lgan bu hududni tashqi dunyodan ajratib olish qiyin bo'ladi.
“Bunday sharoitda yagona yo'l — bu armiyani shaharni halqa ichiga olish uchun safarbar etishdir“, dedi Sidney universitetining sog'liqni saqlash bo'yicha mutaxassisi Adam Kamradt-Skot.
“Ammo bu chora ham foyda bermasligi mumkin”, deya qo'shimcha qildi mutaxassis.
Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining mutaxassisi Gauden Galea bo'lsa “Associated Press”ga bergan intervyusida “Mening bilishimcha, 11 million aholisi bo'lgan shaharda virusni ushlab turish bu haqiqatga yaqin holat emas“, deya ma'lum qildi.
Koronavirusning yangi turining tarqalishi bilan bog'liq tashvishlar fond birjalariga ham ta'sir qildi: 23 yanvar kuni Xitoy indekslari taxminan 3 foiz yo'qotdi.
Rasmiylarning so'zlariga ko'ra, yangi virusning manbasi Uxandagi bozor bo'lib, u yerda tirik parranda va chorva mollarini sotishga taqiq allaqachon joriy qilingan bo'lsa-da, dengiz mahsulotlari, qushlar, ilonlar, quyonlar va boshqa hayvonlar sotilgan.
“Biz yuqumli kasallik yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosi olib borilayotgan bozordan kelib chiqqanini aniqladik. Ehtimol, virusni hayvon yuqtirgan va keyin odamlarga yuqtirgan”, dedi Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi direktori Gao Fu.
Koronavirus bashorat qilinganmidi?
“Infeksiyalar” kitobining muallifi Devid Kuammenning Bi-bi-siga bergan sharhida aytilishicha, Xitoyda koronavirus paydo bo'lishi shifokorlar uchun kutilmagan hodisa bo'lishi mumkin emas.
“Ushbu kasallikning “eng ajoyib xususiyatlari”dan biri uning oldindan bashorat qilingani edi”, dedi yozuvchi BBCga bergan intervyusida.
“Men buni o'zim oldindan bashorat qilgan bo'lardim, demoqchimasman. Zero, men olim yoki sog'liqni saqlash sohasi mutasaddisi emasman. Ammo “Infeksiyalar” kitobim qilingan izlanishlarim jarayonida ko'plab mutaxassislar bilan gaplashganman”, dedi Kuammen.
“Men ulardan navbatdagi yirik epidemiya qanday bo'lishini so'raganimda ular quyidagilarni aytishgandi: “Ehtimol, bu qandaydir bitta to'rli RNK virusi, masalan, koronavirus bo'lar. U hayvonlardan kelib chiqadi va havo tomchilari orqali yuqadi. Ehtimol, kasallik Xitoy chorvachilik bozorida paydo bo'lar!”
Kuammenning fikricha, tirik hayvonlar — tovuqlardan tortib ko'rshapalaklarga qadar sotiladigan Xitoy bozorlari yangi viruslarning haqiqiy inkubatori hisoblanadi.
O'zbekistonda koronavirusdan saqlanish uchun nimalar qilinmoqda?
Sog'liqni saqlash vazirligi koronavirus bilan bog'liq vaziyatlarni o'rgandi va quyidagilarni ma'lum qildi:
Xitoyda koronavirus bo'yicha epidemik vaziyat murakkablashishi sababli mamlakatimizda qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Uzbekistan Airports” AJ hamda “O'zbekiston temir yo'llari”AJ Tibbiy-sanitariya xizmati tomonidan davlat chegarasini, ayniqsa, Xitoyni kesib o'tgan shaxslarning yuqori sifatli tibbiy monitoringini amalga oshirish choralari ko'rilmoqda.
Bundan tashqari, Respublika Virusologiya ilmiy tekshirish instituti intensiv terapiya bo'limida koronavirusda gumon qilingan bemorlarni qabul qilish uchun maxsus boks tayyorlab qo'yildi. Respublikadagi aeroport va temir vokzallari sanitariya karantin punktlarida ushbu kasallikka gumon qilingan bemor aniqlansa, uni darhol izolyatorga izolyatsiya qilish, koronavirusga loborator tahlilini o'tkazish uchun namuna olish tartibi belgilab qo'yilgan.
Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan koronavirus infeksiyasining yangi turini yurtimiz hududiga chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olish chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Koronavirusning yangi turi (nCoV) qarshi olib boriladigan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni tashkil etish hamda amalga oshirish to'g'risidagi metodik uslubiy qo'llanma ham tayyorlangan.
Xalq So’zi