Toshkentning 9 ta maydoniga Yangi yil archalari o`rnatiladi
Toshkent shahrida Yangi yil bayramiga qizg`in tayyorgarlik ko`rilmoqda.
Toshkent shahar hokimligi kirib kelayotgan yangi yil bayrami munosabati bilan bayram archalari poytaxtning 9 ta maydonida o`rnatilishini ma`lum qiladi.
Bayram ishtirokchilari, mehmonlar, ayniqsa bolajonlar, shuningdek transport harakati xavfsizligiga ustuvor o`rin bergan holda, bu bayramning “Bosh archa”si uchun yangi joy belgilandi.
Bayramning birinchi raqamli archasi va bosh sahna “Anhor-Lokomotiv” bog`i (Labzak mavzesi)da bunyod etiladi. Hozirda mazkur maydonda katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Qariyb 4 gektarlik maydonda bayram archasi, sahna, bolalar uchun attraksionlar, savdo va ovqatlanish shoxobchalari bunyod etiladi. Shuningdek, avtotransport vositalarining kirib chiqishi va to`xtash joylari ham belgilanmoqda. Mazkur maydonga borish yo`llarida keng obodonlashtirish va bayramona bezash ishlariga start berilgan. Madaniyat va sport ishlari vazirligi va tegishli mutasaddi tashkilotlar bayram kunlari yurtdoshlarimizga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida yangi teatrlashtirilgan dasturlar ustida ish olib borishmoqda.
Bundan tashqari, archalar odatdagidek “Mustaqillik va Ezgulik” maydoni, Algoritm dahasidagi Roison Elektronics korxonasi oldi maydoni, Yunusobod tumanidagi “Saylgoh” maydoni, Shayxontohur tumanidagi “Xadra” maydoni, Yashnobod tumanida Markaziy ofiserlar uyi(sobiq Aviasozlar saroyi) oldidagi maydon, Sergeli tumanidagi “Baxtdiyor guzari” maydoni, Mirzo Ulug`bek tumanidagi “Lokomotiv” istirohat bog`i hamda Bektemir tumanidagi “Quyoshcha nuri” bog`i hududlarida o`rnatiladi.