Yangi yilda eng baland archa qaerda o‘rnatilishi ma’lum bo‘ldi
Yangi yil yaqinlashgan sayin bolalar qorbobo va qorqiz, yangi yil archasi haqida gapirishadi va hattoki, yoshi kattalar ham bunga qiziqish bildirishadi. Yangi yilning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan archaning kattaligi esa har kimning o‘z xohishiga bog‘liq. Yaponlar bu yangi yilni antiqa rekord bilan kutib oladigan ko‘rinishadi. Sababi bu yilgi eng baland yangi yil archasi hozircha Yaponiyada deya xabar berilmoqda. Tabiiy bo‘lgan bu yangi yil archasi Yaponiyaning Kobe shahrida o‘rnatilgan bo‘lib, balandligi 30 metr. O‘rnatilgan bu archa daraxti asosan Yaponiyada o‘sadi. Bu archani bezashda aylana shaklidagi yupqa metallarni ingichka arqonga tizib, arqonlarning bir uchini archaning eng tepasiga mustahkamlashdi va archannig atrofiga kuchli yoritgichlarni o‘rnatishdi. Yoritgichlarning nuri yupqa metall aylanalarga tushadi va archaning ustiga shamol vaqtida qor yog‘ayotgandek, ko‘rinish hosil qiladi. Tashrif buyurganlar bu yupqa metall plastinkalarga o‘z niyatlarini yozib qoldirishi mumkin. Loyiha tashkilotchilarning ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi eng baland tabiiy archani o‘rnatish uchun to‘rt yil vaqt sarflangan. Archada boshqa turli shakldagi sharlar, yulduzchalar, elektr chiroqlardan iborat gulchambarlar o‘rnatilmagan. Loyiha mualliflarining fikriga ko‘ra, archani chiroqli gulchambarlar bilan bezash daraxtlarni kamsitish hamda tabiatga hurmatsizlik belgisidir.