Kimdir buni oilaviy xotirjamlik bilan bog‘lasa, yana kimgadir bu quvonchli damlar...
Ko‘pchilik uchun baxt — sihat-salomatlik, tinchxotirjam hayot kechirish bo‘lsa, ba’zilarga boylik, shonshuhrat va amal. Ayrimlarga esa orzu ushalishini (hayollari haqiqatga aylanishi): dang‘illama uy, qimmatbaho mashina sotib olishi, lotoreyadan bir qop pul yutishi — baxt bo‘lib tuyularkan.
Gadvard universiteti psixologi Den Gilbertning fikricha, baxt nisbiy tushuncha bo‘lib, kishi o‘zini baxtiyor sezishida qisqa vaqt ichida paydo bo‘lib so‘ng yo‘qoladigan hissiyot ekan.
Gilbert bu borada qator tajribalar o‘tkazdi. Maqsad esa bitta — kishining qoniqish darajasini aniqlash.
Inson o‘z ehtiyojlaridan kelib chiqib kundalik hayotida qanday ishlarga qo‘l urishini belgilab olar ekan.
Masalan: so‘lim go‘shadagi orolni sotib olgan badavlat kishi o‘zida qanday baxtiyorlik hissini tuysa, ko‘chakuyda ivirsib yuradigan boshpanasiz daydi kishi (“bomj”) axlat qutidan ochilmagan spirtli ichimlik shishasini topib olsa, o‘znini shunchalik baxtiyor his etishi mumkin.
Xullas, ayni paytda kimga nima kerak bo‘lsa, ma’lum harakat tufayli yoki favqulotda o‘shanga erishilsa — u o‘zini baxtiyor hisoblar ekan.
Zamonaviy hayot tarzi deb ataladigan olamga bir chetdan boqing...
Rivojlangan texnika va texnologiyalar tufayli iste’mol bozoridagi taklif turfa xil: oziqovqat, kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari, maishiy xizmat turlari bir-biridan yaxshi, jimjimador va alohida qulayliklarga ega.
Biz haddan ko‘p ovqat iste’mol qilamiz, ortiqcha vazn ortidan keladigan noqulayliklaru kasalliklardan aziyat chekamiz.
Chunki, taklif turfa xil va aynan qay birini tanlashni bilmaymiz, nafsimiz esa chegara bilmaydi. Nafsimiz qonganda esa o‘zimizni baxtiyor his etamiz va shu baxtiyorlik hissini tuyish uchun (oshqozonni kerakli miqdorda to‘ldirish me’yorini bizga tanamizning o‘zi bildiradi) yana yeyaveramiz, yeyaveramiz, ya’ni nafsimizni qondiramiz.
Yana bir misol: avtosalondagi avtomobil ko‘zimizga cho‘g‘dek ko‘rinadi. Vaqti kelib uni sotib olamiz ham. Baxtiyorlik hissini tuyamiz.
Oradan ikki oy o‘tib, undanda qimmatroq avtomobilga “ishqimiz” tushishi aniq. Bizga “baxt” ato etgan tuyg‘u asta sekin “eskiradi”, ya’ni ahamiyatini yo‘qotadi...
Demak, ma’lum ehtiyoj qondirilgandan so‘ng yangisi paydo bo‘lishi va ayrim hollarda ularning soni ortishi tabiiy hol. Biroq ongli mavjudod sifatida buning me’yorini (chegarasini) bilmaymiz...
Psixologning fikricha, yangi avlodning tanlash imkoniyati juda keng ekan. Otaona farzandini “baxtli qilish” uchun yangi modeldagi qo‘l telefonlari, kompyuter va yangiyangi o‘yinchoqlar olib beradi, natija esa, ko‘pincha, bizning istagimizga teskari holat bilan tugaydi.
Demak, tanlash imkoniyatining torligi, boriga qanoat qilish (ko‘nikish), ya’ni mavjud narsadan qoniqish hosil qilishga olib kelar ekan.
Masalan kundalik hayotining 8 soatini bag‘ishlaydigan kasbidan ko‘pchilik mamnun. Chunki uning boshqa iloji yo‘q!
Aslidaku hamma moddiy ta’minoti yuqori, bir qator qulayliklarga ega bo‘lgan tashkilotda ishlashni istaydi va bunga erishilganda ham uning boshqa “sharoit”larga ehtiyoji tug‘ilishi hech gap emas.
Ishlamasdan shaharma-shahar, orolma-orol yallo qilib yurishni istaydiganlar qancha!
Psixolog Den Gilbert dunyodagi barcha insonlarga o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda o‘zo‘zini baxtli (xursand) qilib borish — inson salomatligiga va kamolotiga ijobiy ta’sir qilishini uqtirmoqda.
Aftidan amerikalik psixolog bir qator tajribalari orqali bir necha asrlar ilgari sharq mutafakkirlari tomonidan ilgari surilgan hayot falsafasi — shukronalik, boriga qanoat qilib yashash bilan olg‘a intilish g‘oyasini ilgari surmoqda.
Har ne bo‘lganda ham, hayotdan qoniqib yashashni eplay olish kerak!