“Nihol” mukofoti sovrindorlari Oybek va Nigora Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi shaxsiy sahifalariga aktyor Sherzod Bin (Saydialiev) va aktrisa Sitora Olimjonovaning birgalikda tushgan suratini joylashtirganlaridan so‘ng, shou-biznesda yangi “yulduzli oila” qurilayotgani haqida gap-so‘zlar bolaladi.
Ijtimoiy tarmoqlar va Telegram messenjeri orqali tarqalishga ulgurgan bu suratda Sherzod kuyovlarga xos kiyinib olgan, Sitora esa oppoq libosda, qo‘lida gul bilan jilmayib turibdi. Suratni ko‘rganlarning ko‘pchiligi Sherzod va Sitorani bir-biriga mos juftlik sifatida e’tirof etishmoqda. Biroq shu kungacha ular bu suratlarga izoh bermay kelishayotgan edi.
Ma’lumotlarga qaraganda, Sherzod Bin (Saydialiev) va Sitora Olimjonova er-xotin obrazida “Nihol” mukofoti sovrindorlari Oybek va Nigoraning yangi “Oppog‘oy” nomli qo‘shig‘iga ishlangan videoklipda gavdalanishadi. Bu haqda Oybek Alimov tahririyatimizga ma’lum qildi.
“Ushbu qo‘shiq ijodimizda butkul yangi davrni boshlab beradi deb bemalol ayta olaman. Shu davrgacha suratga oldirgan kliplarimiz orasida shunisi eng yoqqani bo‘ldi. Sherzod va Sitora haqiqatan ham bir-biriga juda mos juftlik ekan”, deydi Oybek Alimov.
“Sog‘lom ona va sog‘lom bola” yiliga atalgan mazkur videoklipni klipmeyker Yoxan suratga oldi. Klip g‘oyasi esa Sherzod Bin (Saydialiev)ga tegishli.
Tez kunda klipni saytimiz orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Darvoqe, mazkur Oybek va Nigoraning “Oppog‘oy” nomli qo‘shig‘iga ishlangan klip Sherzod va Sitora o‘rtasida gap-so‘zlarga sabab bo‘lgan munosabatlarni haqiqatga aylantirsa, ajab emas.