Shavkat Mirziyoyev ilk davlat tashrifini Rossiyadan boshlaydi
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining ilk rasmiy tashrifini Rossiyadan boshlaydi. Bu haqda O‘zbekiston hukumatidagi mansabdor shaxs bilan muloqot qilgan “Izvestiya” nashri xabar bermoqda.
O‘z navbatida Rossiya Federatsiyasi prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu qarorga nisbatan Kreml ijobiy javob berishini ma’lum qildi. Peskov, shuningdek, Rossiya bu tashrifni kutayotganligini ham qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev rasman prezidentlik lavozimini Yangi yil bayrami oldidan egallaydi. Rossiyaga tashrif esa 2017 yil qish yoki bahor oyiga mo‘ljallangan. Ayni vaqtda tayyorgarlik ishlari izchil olib borilyapti.
Rossiyalik siyosatchilar bo‘lajak uchrashuv ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashini ta’kidlashmoqda. O‘zaro uchrashuvda xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va mehnat migratsiyasi kabi masalalar ko‘rib chiqilishi kutilyapti.