Shavkat Mirziyoyevga bankdagi pulini ololmay murojaat qilgan fuqaroning muammosi hal etildi
Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasi ish boshlagani haqida xabar qilgan edik.
Unga ko‘ra, (0 800) 210-0000 yoki 1000 qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish (qo‘ng‘iroq respublika bo‘yicha bepul, faqatgina statsionar telefonga qo‘ng‘iroq qilish narhi bo‘yicha haq olinadi), xat yuborish (pm.gov.uz veb-saytida keltirilgan shaklni to‘ldirish orqali) yoki “O‘zLiDeP” hududiy partiya tashkiloti Kengashiga tashrif buyurish orqali murojaat qilish mumkin edi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Shavkat Mirziyoyev nomiga ochilgan sahifa orqali xabar qilishlaricha, Navoiy viloyati, Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat bankiga joylashtirgan omonatini o‘z vaqtida ololmayotganini aytib, 26 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasiga o‘rnatilgan 1000 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan.
Fuqaroning arznomasi hukumat tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilib, uning muammosi ijobiy yechim topgan.
“Navoiy viloyatida yashovchi fuqaro X.Y.M. tomonidan 2016 yil 26 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasiga 1000 telefon raqami orqali “Qishloq qurilish banki”ga qo‘ygan omonatini o‘z vaqtida ololmayotgani sababli yordam so‘rab murojaat qilindi. Natijada 28 sentabr kuni fuqaro tomonidan o‘z omonatini kerakli qismi olindi va qolgani jozibador yuqori foizli omonat turiga qayta rasmiylashtirildi”, deyiladi Shavkat Mirziyoyev nomiga ochilgan ijtimoiy tarmoqdagi sahifada.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi-Respublika Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasi 24 sentabr kuni tashkil etilgan edi. 26 sentyabr oqshomiga qadar 3 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan.