Shavkat Mirziyoyev Donald Trampga maktub yubordi !!!
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga AQSh prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Mamlakatlarimiz 19-fevral kuni AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligini nishonlaydi. Biz ikki tomonlama munosabatlarda erishilgan ko‘plab natijalarimiz bilan faxrlanishimiz mumkin.
Kelgusi yillarda ham mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik sohasidagi umumiy maqsadlarimizni amalga oshirishda Siz bilan hamkorlikda ishlaymiz, degan umiddaman. AQSh O‘zbekiston va uning qo‘shni davlatlari suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini, shuningdek, Sizning Markaziy Osiyoni yanada taraqqiy ettirish va o‘zaro hamjihatligini mustahkamlashga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlaringizni qo‘llab-quvvatlaydi.
Donald Tramp, AQSh prezidenti
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSh prezidenti Donald Trampga yo‘llagan tabrik maktubida shunday deyiladi: “O‘tgan davrda o‘zaro do‘stlik va sheriklik munosabatlarida mustahkam poydevor yaratildi. Ko‘p qirrali hamkorligimiz jadal va keng ko‘lamli xarakter kasb etdi”.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tashqi siyosatining fundamental prinsip va konseptual asoslari o‘zgarmasdan qolishini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston AQSh bilan an’anaviy munosabatlarni saqlash, har tomonlama hamkorlikni izchil mustahkamlash va rivojlantirishning qat’iy tarafdoridir.
Maktubda Amerika biznesining O‘zbekistonda uzoq muddatli faoliyat yuritishi hamda AQShning yetakchi korporatsiya va kompaniyalari bilan investitsiyaviy-texnologik hamkorlikni yanada kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlangan.
O‘zbekiston Prezidenti o‘zaro anglashuv, hurmat va ikki tomonlama manfaatdorlik tamoyillariga asoslangan strategik sheriklik ruhidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish O‘zbekiston va AQSh xalqlari manfaatlariga xizmat qilishini qayd etgan.