Samarqand shahrida 30-yanvar kuni Islom Karimov xotirasiga atab bunyod etilgan maqbara majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda mamlakat jamoatchiligi vakillari, barcha hududlardan kelgan faollar, nuroniylar, yoshlar ishtirok etdi.
Marosimda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Yodgorlik majmuasini barpo etish ishlari YuNESKO tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirildi va butun jahon madaniy merosining obyektlaridan biri hisoblangan Hazrati Xizr masjidiga uyg‘un maqbara loyihasi tasdiqlandi.
Majmua qurilishiga turli hududlardan mahoratli quruvchilar, usta va hunarmandlar jalb etildi. Maqbara uchun xorijdan qimmatbaho toshlar, ayvon ustunlari va zina panjaralari, yozuvli oq oniks va oniks toshlari keltirildi.
Maqbara ichida oq qabr toshi o‘rnatildi. Devorlar qimmatbaho toshlar bilan bezatilib, ularga oltin suvi bilan ishlov berildi. Maqbaraning pastki qismi yashil oniks toshlar bilan qoplangan. Gumbazi Hazrati Xizr majmuasi bilan hamohang tarzda barpo etildi.
Majmua hududida milliy uslubdagi ayvon bunyod etildi. Bu yerda ziyoratga keluvchilar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratilgan, o‘rindiqlar qo‘yilgan. Ayvon peshtoqlarida Qur’oni karim oyatlari hamda Islom Karimovning hikmatli so‘zlari o‘zbek, arab va ingliz tillarida yozilgan.
Shu kuni Islom Karimov maqbara majmuasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan faollar, keng jamoatchilik, turli idora va tashkilotlar vakillari, Samarqand viloyati aholisi tomonidan gullar qo‘yildi. Birinchi Prezidentning xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.