Rossiyada 1 sentyabrdan ikkinchi xorijiy til maktablarda majburiy o‘qitiladi
Rossiyada yangi o‘quv yilidan ikkinchi xorijiy til maktabda o‘qitiladigan majburiy predmetga aylanadi, deb ma’lum qilmoqda Rossiya xalq ta’limi vaziri Dmitriy Livanovga iqtibos keltirgan holda TASS axborot agentligi. Bu haqda Livanov “Rossiyskaya gazeta”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“1 sentyabrdan 5-sinflar ikkinchi xorijiy til maktab dasturining majburiy elementi ekanligi ko‘rsatib qo‘yilgan yangi o‘quv standarti bo‘yicha ta’lim olishga o‘tadilar”, deb aytdi Livanov.
Livanov xorijiy tillar nafaqat muomala vositasi, balki bolaning aqli va xotirasini rivojlantirish usuli ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Rossiyada 1 sentyabrdan 5-9-sinflar uchun ilk federal davlat ta’lim dasturi kuchga kiradi. Unda birinchi marta ikkinchi xorijiy til maqomi belgilab qo‘yilgan: u “filologiya” predmet sohasidagi majburiy fanlar ro‘yxatiga kiritilgan.