Ramzan Qodirov Islom Karimov qabrini ziyorat qildi
Avvalroq, 16 oktabr kuni Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Checheniston Respublikasi rahbari O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 17 oktabr kuni Ramzan Qodirov Samarqandga tashrif buyurdi. Checheniston rahbari ko‘xna va hamisha navqiron shahardagi o‘z tashrifini O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilish bilan boshlab, maqbarada tilovat qildi.
Shundan so‘ng, Ramzan Qodirov Imom Buxoriy majmuasiga tashrifi davomida Imom Buxoriyning qabrini ziyorat qildi. Mehmon majmua tarixi bilan tanishib, dunyo ahli tan olgan buyuk imomga ko‘rsatilayotgan davlat darajasidagi e’tiborni yuksak baholadi.
Majmua yonidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ajdodlarning boy ma’naviy merosi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun islom olamida keng o‘rganilishi katta imkoniyat berishi aytib o‘tildi.
Tashrif davomida “Xo‘ja Doniyor” ziyoratgohi, sahoba Qusam ibn Abbos qo‘nim topgan “Shohi Zinda” majmuasi va “Registon” ansamblini ham ziyorat qilindi.
Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Checheniston Respublikasi rahbari Toshkentda “Shayx Zayniddin” jome’ masjidiga borib, ustozi shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning qabrini ziyorat qilgan edi.